YOVVOYI TOK
YOVVOYI TOK — moshssimonlar oilasining har xil turkumlariga mansub chirmashib o’suvchi yovvoyi turlar (yog’ochsimon lianalar); 1) urg’ochi tok turkumi (Parthenocissus) — guli ikki jinsli yoki soxta ikki jinsli (tugunchasi rivojlanmagan, changchilari pushtsiz), mevasi mayda, qora, 1— 3 dona urug’li. Novdadagi uchki jingalaklari kengaygan doirasimon bulganidan o’simlik, tosh, devor va boshqalarga chirmashib o’sadi. Shimoliy Amerika va Osiyoda 15 turi bor. Uzoq Sharqda uch qirrali urg’ochi tok (P. trucuspidata) o’sadi, 5 tojbargli turi (P. quinquefolia) va bog’ yovvoyi toki (P. inserta) turlari manzarali o’simlik sifatida istirohat bog’larida o’stiriladi. Bu turlarning murakkab panjasimon barglari kuzda qizil rangga kiradi, qurg’oqchilik, 40° issiqqa va 30° sovuqqa, filloksera zararkunandasiga va zamburugli kasalliklarga chidamli; 2) chin yovvoyi tok yoki ampelopsis (Ampelopsis) — guli turli jinsli, bir uyli, gultojbargi beshta, ba’zan to’rtta. Mevalari mayda, eyishga yaroqsiz, oq, ko’kimtir yoki to’q sariq. 2-4 ta urug’i bor. Asosan Shimoliy Amerika va Osiyoda 20 ga yaqin turi uchraydi. Uzoq Sharqda 3 turi, Tojikiston tog’larida 1 turi o’sadi. Tojikistonda o’sadigan qisqa gulbandli (A. brevipedunculata) turi chirmashib o’suvchi manzarali o’simlik sifatida madaniylashtirilgan; 3) Vitis tokining yovvoyi turlari — gullari turli jinsli, ikki uyli, aqyonda ikki jinsli, guli ochilganda qalpoqchasimon ko’rinishdagi gulkosasi to’kilib tushadi. Mevalari mayda, qora. Osiyo va Yevropada tarqalgan. 7 turi uchraydi. O’rta Osiyoda Kopetdog’da o’sadi. Yovvoyi o’rmon toki (V. silvestris) madaniy tok (V. vinrfera) ga juda yaqin (undan bir jinsli, ikki uyli gullari bilan farq qiladi), sovuqqa va qurg’oqchilikka chidamli. Yovvoyi Amur toki (V. amurensis) sovuqqa nihoyatda chidamli, selektsiya ishlarida madaniy toknavlari uchun payvandtak sifatida hamda duragaylashda foydalaniladi. Jamoliddin Fayziyev.