YOY PECHI
YOY PECHI—metall va boshqa materiallarni eritish uchun elektr yoyi issiqligidan foydalaniladigan elektr pechi. Birinchi marta 1898-1901 yillarda Frantsiyada P. Eru, Italiyada E. Stassanolar sanoatda qo’llashgan. Qizdirish usuliga ko’ra, bevosita va bilvosita qizdiriladigan hamda yoyi berk pechlarga bo’linadi. Bevosita (to’g’ridan-to’g’ri) qizdiriladigan yoy pechida yoy elektrodlar va qizdiriladigan jism orasida yonadi. Bilvosita qizdiriladigan yoy pechida yoy elektrodlar orasida, qizdiriladigan materiallardan bir oz narida yonadi; bunda issiqlik yoydan nurlanish orqali uzatiladi. Yoyi berk pechlarda yoy elektrodlarni qurshab olgan qattiq shixta qatlamlari ostida yonadi; bunda shixta yoydan ajralib chikadigan issiqlik bilan, shuningdek, shixtadan tok o’tayotganda hosil bo’ladigan Joul issiqlik bilan qiziydi. Bevosita qizdiriladigan yoy pechi keng tarqalgan bo’lib, unda ko’pincha po’lat eritiladi. Yoyi berk pechlarda rangli metallar, ferroqotishmalar, elektr korundlar va boshqalar eritiladi. Bevosita qizdiriladigan yoy pechining hajmi 360 400 tonna bo’lib, metall va shlakni yuklash yoki bo’shatish vaqtida og’diriladi. Bulardan tashqari elektrodi sarf qilinadigan (qayta eritiladigan metalldan tayyorlanadi) va elektrodi sarf qilinmaydigan (volfram yoki grafitdan tayyorlanadi) vakuumli yoy pechi bor. Bunday pechlar metall va qotishmalarni vakuumyoy yordamida qayta eritishda qo’llaniladi.