YORKEND
YORKEND (qadimgi nomi Sakarao’l, xitoycha Shache) — Xitoyning Sintszyan Uyg’ur Muxtor rayonidagi shahar, Qashqar viloyatining Yorkend tumani markazi (1980 yilgacha Qashqar viloyati markazi). Taklamakon cho’lining g’arbiy qismida, Yorkend daryoning o’ng sohilida, 1200 metr balandlikda joylashgan. Aholisi qariyb 547,5 ming kishi, asosan uyg’urlar, qisman o’zbeklar, xitoylar ham yashaydi. Yorkend 2 qism — musulmonlar yashaydigan Yorkend va xitoylar yashaydigan Shachedan iborat. Muhim savdo va tranzit punkti. Yorkend yirik dehqonchilik (g’allakorlik, paxtachilik), bog’dorchilik va ipakchilik rnining markazi. Oziqovqat sanoati korxonalari bor. Hunarmandchilikda gilam, ip gazlama va shoyi to’qiladi. Xitoy manbalarida qayd etilishicha, miloddan avvalgi 65 yil Yorkendda 2300 dan ziyod xonadon bo’lgan, aholisi sak (Yunon manbalarida skif) lar deb ko’rsatilgan. Yorkend 1465— 1759 yillarda butun Sharqiy Turkistonni o’z ichiga olgan Yorkend xonligining markazi edi. Shahar atrofidan temir rudasi va qimmatbaho yashma toshi olingan. Yorkend orqali qadimda O’rta Osiyodan Sharqiy Turkistonning boshqa shaharlari va Hindistonga boradigan karvon yo’li o’tgan. Shahar Buyuk ipak yo’lida joylashganligidan qadimdan hunarmandchilik (gilam, ip gazlama, shoyi to’qish) ravnaq topgan. Shaharda qadimgi obidalardan Malika hamda shoira Omonisaxon (16 asr) maqbarasi va xon daxmalari (oltunum) saqlangan. O’zbek shoiri Furqat (1859-1909) umrining so’nggi yillari Yorkendda yashab ijod qilgan, 1990 yilda shoir qabri ustiga maqbara qurilgan.