YORUQQA QARAY OLMASLIK
YORUQQA QARAY OLMASLIK, fotofobiya — ko’zning tabiiy yoki sun’iy yoruqqa o’ta sezuvchanligi. Bunda ko’zdan yosh oqadi, xuddi bir narsa qadalayotgandek ko’z qovoqlari tortishib, og’riq paydo bo’ladi. Odatda, kishi normal yorug’likka qaray oladi, agar yorug’lik oshib ketsa, nohushlik seziladi, ko’rish yomonlashadi. Bu tabiiy hol bo’lib, kasallik belgisi hisoblanmaydi. Yoruqqa qaray olmaslikda kishi normal yorug’likka ham qaray olmaydi. Ko’zga chang, turli zarralar va boshqa yot jismlar tushganda, ko’z turli gazlardan ta’sirlanganda Yoruqqa qaray olmaslik ro’y beradi. Ko’zning muguz pardasi shikastlanganda, to’r pardaga ortiqcha yorug ta’sir etganda, uning tashki pardalari (muguz va rangdor pardalar) yallig’langanda, ba’zi infektsion kasalliklar (gripp, qizamik va boshqalar) dan asorat qolganda ham kishi yoruqqa qaray olmaydi. Ko’z kasalliklari — kon’yunktivit, keratit, iridosiklit va boshqalarda yorug’ni sezuvchanlik ortadi. Shuning uchun Yoruqqa qaray olmaslik alomati paydo bo’lganda darhol ko’z doktoriga murojaat qilish zarur. Davosi: asosiy kasallik bartaraf qilinadi, qora kuzoynak taqib yurish tavsiya etiladi.