BADAYTO’QAY DAVLAT QO’RIQXONASI
BADAYTO’QAY DAVLAT QO’RIQXONASI — Amudaryoning quyi oqimida, Sulton Uvays tog’lari etaklarida, daryoning o’ng sohilida joylashgan qo’riqxona. 1971 yilda tashkil etilgan. Maydoni 6462 gektar, shundan 3975 gektar to’qay o’rmonlari bilan qoplangan (1997). Asosiy vazifasi Amudaryo atrofi o’simlik va hayvonot olamini muhofaza qilish, to’qayzorlarni ilmiy o’rganish va boshqalar. Qo’riqxonada 167 tur o’simlik (turang’il, jiyda, tol, qamish, qizilmiya, kovul va boshqalar), 138 tur qushlar (miqqiy, Xiva qirg’ovuli, zangori kabutar, Kokildor to’rg’ay, Lochin, shu jumladan o’tkinchi qushlar), 20 turdan ko’proq sut emizuvchilar — bo’ri, tulki, quyon, qobon, bo’rsiq va boshqalar, suv havzalarida bahri baliq, soxta lopatonos va boshqalar yashaydi. Qo’riqxonada O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 60 dan ortiq turdagi hayvonlar, jumladan 1975 yilda Tojikistondagi Romit qo’riqxonasidan keltirilgan xongul (Buxoro bug’usi) muvaffaqiyatli ko’paytirilmoqda (2 bosh urg’ochi va 1 bosh erkak xongul 1996 yilda 90 boshga yetdi). Qoraqalpog’iston Respublikasining «Alohida qo’riqlanadigan hududlar to’g’risida»gi Qonuniga muvofiq qo’riqxonaga 1993 yil 24 dekabrda davlat qo’riqxonasi maqomi berilgan.