BADIIY KO’RGAZMALAR DIREKTSIYASI
BADIIY KO’RGAZMALAR DIREKTSIYASI, badiiy ko’rgazmalar va panoramalar direktsiyasi — muzey maqomiga ega bo’lgan mustaqil ijodiy ishlab chiqarish muassasasi; O’zbekiston Badiiy Akademiyasi qaramog’ida (1997 yildan; bungacha O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufida bo’lgan). 1959 yilda Toshkentda tashkil etilgan. Badiiy ko’rgazmalar direktsiyasi o’zbek san’atini keng targ’ib qilish va ommalashtirish, O’zbekiston hududida va undan tashqarida o’zbek va jahon san’ati ko’rgazmalari tashkil etish, Respublika ba badiiy qadriyatlar jamg’armasi, muzeylar xazinasi va shaxsiy to’plamlarni to’ldirish bilan bog’liq bo’lgan ishlarni amalga oshiradi, tasviriy san’at asarlariga buyurtmalar berish va sotib olish, ularni saqlash bilan shug’ullanadi. Muzey faoliyati tomoshabin dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan. Muzey tuzilganidan beri O’zbekiston Respublikasining turli chekka tumanlarida, sobiq Ittifoq, MDH va chet mamlakatlardagi muzey va suratlar galereyalarida 4 mingdan ziyod ko’rgazmalar uyushtirdi. Muzeyning 13 mingdan ortiq (1997) badiiy qadriyatlarga ega bo’lgan xazinasi, badiiy saloni, xo’jalik xizmatiga ega bo’lgan ko’rgazma zali bor. Muzey o’rta asrlar O’rta Osiyo me’morligi an’analarida 1934 yilda qurilgan binoda joylashgan (me’mori A. I. Petelin, K. V. Babievskiy). Binoning peshtoqi yoysimon bo’lib, rangdor koshinlar bilan bezatilgan (O’zbekiston xalq rassomi M. Rahimov chizmasi asosida); yog’och o’ymakorligining ajoyib namunasi bo’lgan eshikni usta M. Qosimov boshchiligidagi bir guruh xalq ustalari yaratgan. Bino intererida yoysimon ravoqli derazalar ko’p, bir-biriga tutash (anfiladali) 4 ta hashamatli xonalari uzaro yoysimon ravoqlar bilan bog’langan.