BAZEL
BAZEL — Shveytsariyaning shimol chekkasidagi shahar, Bazel-shtadt yarim kantonining ma’muriy markazi. Frantsiya — GFR chegarasi yaqinida, Reyn daryosidagi port. Aholisi 170 ming kishi (1990, shahar atrofi bilan 360 ming), ko’pchiligi nemis tilida so’zlashadi. Bazel kattaligi jihatdan mamlakatda 2-o’rindagi shahar. Xalqaro aeroport bor. Yirik savdo, moliya va sanoat hamda madaniyat markazi. Kimyo, poligrafiya, mashinasozlik, qurilish va metallsozlik, yengil, oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Bazelda har yili yarmarka o’tkaziladi. Xalqaro bank joylashgan. Universitet (1460 yildan), tarix va etnografiya muzeyi bor. Dastlab 374 yilda Baziliya deb qayd etilgan. 1501 yildan Shveytsariya konfederasiyasi tarkibida. 15-asr oxiri, 16-asrda Yevropadagi savdo, kredit operatsiyalari, hunarmandchilik markazlaridan biri bo’lgan. 1833 yilda mustaqil yarim kanton huquqini qo’lga kiritgan. 11 — 19-asrlar me’moriy yodgorliklari: roman-gotika sobori (1185 — 1200), ratusha (1504 — 1608) saqlangan.