BAYNALMILALCHILIK
BAYNALMILALCHILIK (Arabcha, «baynalmilal» — millatlararo) — jahondagi turli millat va irqlarga mansub kishilarning xalqaro birdamligi; ularning bir-birlarini tushunishlari va o’zaro ishonchining, madaniyatlar, qadriyatlar, bilim va texnologiyalar o’zaro singib borishining asosi; millatchilikning ziddi. Insoniyat tarixi turli millatlar va elatlar orasida iqtisodiy, siyosiy va madaniy-ma’naviy aloqalar o’rnatilib, ularning tobora mustahkamlanib borishi jarayonidir, mazkur munosabatlarsiz esa ijtimoiy taraqqiyot amalga oshmaydi. 15-asr oxiridan boshlangan buyuk geografik kashfiyotlar, sanoat taraqqiyoti, fan va texnika sohasidagi olamshumul ixtirolar davlatlar va xalqlar orasida beqiyos darajada kengaygan iqtisodiy va siyosiy, madaniy, ma’rifiy hamda ma’naviy aloqalarning jadallashuviga olib keldi. Bu baynalmilal aloqalar milliy ong va o’z-o’zini anglash, milliy ozodlik hamda mustaqillik g’oyalarining shakllanishi va tarqalishiga; ilm-fan va texnika, madaniyat va ma’rifat sohalaridagi yutuqlarning ayirboshlanishiga keng yo’l ochib berdi. Mustabid sho’rolar tuzumi davrida Baynalmilalchilik bir tomonlama talqin qilindi. faqat ishchilar sinfi, uning partiyalari mafkurasi va siyosatining asosiy printsiplaridan biri, sosializm va kommunizm uchun kurashdagi birligi, degan ma’noda tushuntirilib, bunda «proletar internasionalizmi»gina ko’zda tutildi. Aslida esa Baynalmilalchilik umuminsoniy hodisa bo’lib, barcha xalqlar va mamlakatlarning taraqqiyot sari harakatining, mustaqillik va milliy ozodlik kurashining g’oyat zo’r omilidir. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, o’z ichki va tashqi siyosatida Baynalmilalchilik g’oyalariga sodiq tarzda jahondagi barcha xalqlar va millatlar bilan do’stona aloqalarni o’rnatish hamda rivojlantirish yo’lidan bormoqda. O’zbekiston Respublikasi ilg’or mamlakatlar bilan barcha sohada hamjihatlik, hamkorlik va birdamlikni barqaror etishga intilmoqda, xalqaro munosabatlarning umum tan olgan qoida va tamoyillariga rioya qilmoqda. Mamlakatda barcha fuqarolarning, ular millati va irqidan qat’i nazar, o’zaro ishonchi hamda birdamligini mustahkamlash, milliy madaniy ne’matlarini o’zaro ayirboshlash yuzasidan izchil siyosat yuritilmoqda. O’zbekistonda jami 100 dan ziyod — rus, ukrain, belorus, qozoq, qirg’iz, uyg’ur, tatar, qoraqalpoq, tojik, nemis, koreys va boshqa xalqlarning milliy-madaniy markazlari, respublika milliymadaniy markazi tashkil etilgan, barcha el-elatlarning ma’naviy yuksalishi uchun teng imkoniyatlar yaratilgan.