BAYRAM

BAYRAM (turkiycha — katta yig’in, to’y) — keng nishonlanadigan tantanali kun. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot davomida kelib chiqishi, mazmuni, ijtimoiy hayotda qaror topishiga ko’ra an’anaviy, diniy, milliy va boshqalar. Bayramlar vujudga keldi. Avloddan-avlodga meros tariqasida o’tib keladigan Bayram an’anaviy Bayram deyiladi. Masalan, Navro’z bayrami. An’anaviy Bayramlar biror xalq yoki millatning ayni vaqtdagi ijtimoiy turmushi, hayot kechirish tarzi bilan bevosita bog’liq bo’lmaydi. Diniy Bayramda har bir monoteistik dinning aqidalarida belgilab qo’yilgan marosimlar nishonlanadi. Masalan, Iyd bayrami. Milliy Bayramlarda u yoki bu millatning tarixidagi muhim voqea-hodisalar nishonlanali. Masalan, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni. Bulardan tashqari yana kasb-hunar Bayramlari ham bor (o’qituvchi va murabbiylar kuni, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni kabi). Sho’rolar hukmronligi davrida o’zbek xalqining qadimgi milliy, an’anaviy yangi yil Bayramlaridan hisoblangan Navro’z qatag’on qilinib, diniy bayramlar (Ramazon hayiti, Qurbon hayiti) tazyiqqa uchradi. Ko’p yillar davomida, ayniqsa ziyoli va firqa a’zolari hayit namozini o’qish uchun masjidga chiqqanliklari uchun ham ta’qib qilindi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach Prezident I.A. Karimovning farmoni bilan ro’za va Qurbon hayitlarining birinchi kunlari dam olish kuni deb e’lon qilindi. Hayit kunlari va ular bilan bog’liq marosimlar batamom qaror topdi, shuningdek boshqa qadriyatlar ham tiklanmoqda. Chunonchi Navro’z umumxalq Bayrami sifatida har yili katta tantana qilinib, bu kun (21 mart) dam olish kuni deb e’lon qilindi.