BAYRAMALI

BAYRAMALI — Turkmanistonning Mari viloyatidagi shahar (1931 yildan). Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 46 ming kishi (1999). Paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Buyrak kasalliklari uchun iqlimiy kurort. Yozi issiq, quruq, o’rtacha temperaturasi 30° dan yuqori, bir yil ichida quyoshli kunlar ko’p (qariyb 290 kun). Qishi yumshoq. O’rtacha yillik namlik 50% (yozda 25%). Yiliga 130 millimetr yog’in tushadi. Bayramali yaqinida qadimgi Marv xarobalari saqlangan. Bayramalidan 28 kilometr shimolda Xudoynazar avliyoning paxsadan ishlangan maqbarasi (12-asr boshi) bor. Bayramali yaqinidan tabiiy gaz chiqariladi.