BAYRAMXON
BAYRAMXON (asl ismi Muhammad Bayramxon ibn Sayf Alibek) (? — 1561.1.2) — Boburiylar davri siyosiy arboblaridan, shoir. Akbarjon otalig’i. Turkmanlarning qora qo’yunli urug’idan. Yoshligida Badaxshonda Boburiylar xizmatiga kiradi. 1534 yil muhrdorlik mansabiga tayinlanadi. 1540 yil Shershoh isyoni sababli Humoyun bilan Eronga ketadi va 1545 yil Humoyunning inilari Mirzo Askariy va Komronlardan Qandahor hamda Kobulni qaytarib olish uchun qilingan urushda qatnashadi. Bayramxon shundan so’ng 10 yilcha Qandahorda yashaydi va badiiy ijod bilan shug’ullanadi. 1555 yil «Xoni honon» (bosh xon) unvoniga sazovor bo’ladi. Bayramxon hajga ketayotib Gujarotning Patton degan joyiga etganda lohani urug’idan bo’lmish Muborakxon tomonidan o’ldirilib, dastlab Shayx Husomiddin maqbarasiga dafn etilgan, keyinchalik uning xoki Dehliga, 1563 yilda esa Mashhadga keltirilib, Imom Rizo maqbarasi yoniga qo’yilgan. Bayramxonning turkiy, forsiy tillardagi she’rlaridan iborat devoni bizgacha yetib kelgan.