BAYRUT
BAYRUT — Livan Respublikasining poytaxti. O’rta dengizning Sharqiy sohilidagi sertepa yarim orolda joylashgan port. Iqlimi subtropik; yozi issiq va quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 14°, avgustniki 28°; o’rtacha yillik yog’in 900 millimetr. Aholisi 1,5 million kishi (1990, shahar atrofi bilan). Bayrut miloddan avvalgi 18-asrda Beruta, Berit deb atalgan. Misr qo’l ostida (miloddan avvalgi 15-asrgacha), so’ngra xettlarga (miloddan avvalgi 14-asr), Ossuriyaliklarga tobe bo’lgan. 635 yil Arab xalifaligi tarkibiga kiritilgan. Bayrutni 1110 yilda salib yurishi qatnashchilari egalladi. 14 — 15-asrlarda mamluklar qo’l ostida bo’ldi. 1516 yilda esa turklar tasarrufiga o’tdi. Livan amiri Faxruddin II (1584 — 1635) zamonida rasman mustaqil davlatning markazi edi. 17 — 18-asrlarda Bayrutni Livan amirlari hamda turk voliylari idora qildi. 1860 yil avgustda frantsuzlar bosib oldi. 1920 yil 1 sentabrdan frantsuzlar mandati ostida «Ulug’ Livan davlati», 1926 yildan Livan Respublikasining (1943 yil noyabrgacha frantsuz mandati ostidagi) markazi. 20-asrning 30 — 50-yillarida Bayrut Livandagi milliy ozodlik harakatining eng yirik markazlaridan biri bo’ldi. 1943 yildan mustaqil Livan poytaxti. Bayrut — yirik port, temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Yaqin va O’rta Sharq hamda Yevropa mamlakatlarining tranzit savdolari Bayrut orqali o’tadi. Mamlakatning savdomoliya markazi. Davlatning 60% sanoat korxonalari shu erda joylashgan. To’qimachilik, trikotaj, ko’n, oziq-ovqat (tamaki va boshqalar), metallsozlik sanoati tarmoqlari rivojlangan. Bayrut orqali chetga tsitrus mevalari, olma, zaytun moyi, xom ipak, jun chiqariladi. Bayrutda me’moriy yodgorliklardan jome al-Umariy masjidi (1291 yilda qayta qurilgan), «Saroy masjidi» (16-asr boshi) va boshqalar saqlangan. Bayrut asosan zamonaviy shahar; ko’p qavatli uylar, mehmonxona, bank va boshqalar qurilgan. Bayrut markazida 3 katta maydon bo’lib, boshqa shaharlarga boradigan yo’llar shu yerdan boshlanadi. Bayrutda universitetlar, Milliy kutubxona, katta me’moriy muzey (san’at tarixi), Sursok muzeyi (zamonaviy san’at), kollejlar va boshqalar bor.