BAYHAQIY ZAHIRIDDIN ABULHASAN ALI IBN ZAYD

BAYHAQIY ZAHIRIDDIN ABULHASAN ALI IBN ZAYD (1106, Sabzavor — 1174) — olim, tabib va shoir. 1142 — 54 yillarda Nishopurning bir necha masjidlarida mudarrislik qilgan. Chuqur bilimi va yuksak insoniy fazilatlari tufayli xalq hurmatini qozongan. Bayhaqiy Arab va fors tilida 70 dan ortiq asar yozgan bo’lib, ulardan eng mashhurlari — «Kitob al-aruz» («Aruz kitobi»), «Kitob azhor ashjor al-ash’or» («She’riyat daraxtlari gullari haqida kitob»), «Kitob atimat al-marzo» («Xastalar taomi haqida kitob»), «Kitob asomiy al-Adviya va xavosiho va manofi’iho» («Doridarmonlar nomi, xususiyati va foydalari haqida kitob»), «Kitob fil-hisob» («Hisob haqida kitob»), «Mashorib attajorib» («Tajribalar manbai»), «Tarixi Bayhaq» («Bayhaq viloyati tarixi»), «Tatimma «sivon alhikma» («Hikmat javoni»ni to’ldiruvchi kitob»), «Javomi’ahkom an-nujum» («Yulduzlar harakati qonuniyatlari») va boshqalar. Bulardan «Tatimma «sivon alhikma» Assijistoniyning «sivon al-hikma» («Hikmat javoni») nomli asarini to’ldiruvchi bir kitob bo’lib, o’rta asrlarda Islom olamida mashhur entsiklopedik asarlar sirasiga kiradi. Unda 10 — 12-asrlarda yaqin va O’rta Sharq hamda Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan 111 yirik allomaning tarjimai holi bilan bir qatorda tarixiy, jo’g’rofiy va etnografik ma’lumotlar ham mavjud. «Tatimma «Sivon al-hikma», «Tarixi Bayhaq» va «Javomi’ahkom an-nujum» asarlarining qo’lyozma nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.