BAKRABALIQ
BAKRABALIQ (Acipenser nudiventris) — suyakli baliqlar sinfining osyotrsimonlar turkumi va osyotrlar oilasiga mansub baliq. Qora, Azov, Kaspiy va Orol dengizi havzalarida tarqalgan. Balxash ko’li havzasida iqlimlashtirilgan. Tanasi duksimon, tumshug’i cho’ziq, og’zi boshining pastila. Skeleti tog’aydan tashkil topgan. Tanasidagi cho’girlar besh qator, orqasida 11 — 17 ta, yon tomonida 55 — 57 ta, qornida esa 15 — 16 ta cho’giri bor. Bo’yi 2 metrdan ortiq, og’irligi 80 kilogrammgacha. Bakrabaliq o’tkinchi baliq, hayotining bir qismini dengizda (sho’r suvda) o’tkazsa, urchish davrida daryoga (chuchuk suvga) o’tadi. Urg’ochisi 12— 14 yoshida, erkagi 8 — 9 yoshida voyaga yetadi. Serpushtligi yoshiga bog’liq. Bo’yi 120 — 150 santimetr, og’irligi 13 — 20 kilogramm bo’lganda 210 — 340 ming uvildiriq (tuxum) qo’yadi. Orol dengizining biologik holati baliqlar uchun yaxshi bo’lganda uvildiriq tashlash uchun oroldan Amudaryo va Sirdaryo quyilishida to’planib, so’ngra daryoning yuqori oqimidagi uvildiriq tashlaydigan joylarga ketadi. Tuxumdan chiqqan baliqchalarning bir qismi daryo suv oqimi bo’ylab dengizga (sho’r suvga) qaytadi, qolganlari esa daryoda qoladi. Bakrabaliq umurtqasiz hayvonlar, chig’anoqlar va suv o’simliklari bilan oziqlanadi. 1936 yilgacha Orol dengizi havzalarida ko’plab ovlanar edi. Sirdaryo va Amudaryodagi irrigatsiya qurilishlari va Orol dengizi ekologik holatining o’zgarishi natijasida Bakrabaliq juda kamayib ketdi. Hozir Amudaryoning quyilish joyidagi suv havzalarida va Zarafshon daryosining quyi qismidagi yirik kanallarda oz miqdorda saqlanib qolgan. O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan.