BANOKAT

BANOKAT, Sharqiya, Shohruxiya — Sirdaryoning o’ng sohilida, Ohangaron (Iloq) daryosining Sirdaryoga qo’shilish joyidagi karvon yo’li yoqasida joylashgan qadimgi shahar xarobasi (1 — 18 — asrlar). Banokatni havaskor arxeolog D. K. Zatsepin (1876), E. T. Smirnov (1894, 1896) o’rgangan. 1973 yildan Shosh-Iloq ekspeditsiyasi (Yu. F. Buryakov) tekshiradi. Tadqiqotlarga ko’ra, dastlab (1-asr) uning mudofaa devori bo’lmay, atrofidagi daryo, shuningdek jarliklar tabiiy mudofaa vositasi rolini o’tagan, ilk o’rta asr (5 — 6 — asr) da burjli mustahkam mudofaa devori bilan o’ralgan. Banokat hududi 22 ga bo’lib, arki taxminan 1 gektarni egallagan. 12 — 13 — asr boshlarida kengaygan (140 gektar); u Ark, 3 Shahriston va raboddan iborat bo’lgan. Qazishmalar natijasida turli sopol buyumlar (naqshinkor ko’za, kosa, sirlangan lagan va boshqalar), tanga pul va taqinchoqlar topilgan. Banokatda zargarlik, to’qimachilik, kulolchilik, shishasozlik va boshqa rivojlangan, mis, kumush tangalar zarb etilgan. Mo’g’ullar istilosi davrida (1220) Banokat vayron bo’lgan. 1392 yilda Amir Temur Banokatni qayta tiklab, o’g’li Shohrux sharafiga Shohruxiya deb atagan. 18-asr boshlarida o’zaro urushlar natijasida vayron bo’lgan. Banokat xarobasining bir qismini Sirdaryo yuvib ketgan. Ad.: Buryakovyu. F., Genezis i etapi razvitiya gorodskoy kulturi Tashkentskogo oazisa, T., 1982.