BARABAN

BARABAN (turkcha) (texnikada) — mashina va apparatlarning tsilindr shaklidagi ichi kovak detali. Masalan, quritish Barabani, qoziqli Baraban, arrali Baraban. Soat va boshqa prujinali mexanizmlarda, bug’ qozonlari, yuk ko’tarish mashinalarining deyarli hamma turida, ko’pgina sohalardagi turli moslamalarda ham tegishli Barabanlar bo’ladi. Baraban konus shaklli bo’lishi xam mumkin. Asosiy elementi Baraban bo’lgan mashinalar xam Baraban deb ataladi. Masalan, paxta tozalash sanoatida qo’llaniladigan Barabanlarda paxta, to’qimachilik kombinatidagi quritish Barabanlarida to’qimachilik mahsulotlari quritiladi. Ular yupqa misdan tsilindr shaklida yasalgan bo’lib, ichidan bug’ bilan qizdiriladi. Ko’tarish mashinasining konussimon barabani.

BARABAN — urma cholg’u asbob. Sadolari muayyan baland-pastlikka ega emas. Gardishi metall yoki yog’ochdan yasaladi. Bir yoki har ikki tomoniga teri qoplanadi. Baraban ikki xil bo’ladi: 1) kichik Baraban, tirillama rez tovush hosil qilish uchun bir tomonidagi teri tagidan 2 — 3 (kontsert Barabanda — 4 — 10) tor tortiladi. Yumaloq uchli ikkita cho’p bilan chalinadi; 2) katta Baraban, tovushi gumburlaydi, yo’g’on, ya’ni past bo’ladi. Uchiga yumaloq kigiz qoplangan cho’ptayoqcha bilan chalinadi. Barabanlardan simfonik va puflama sozlar orkestrlarida, shuningdek jaz va estrada ansambllarida foydalaniladi. O’zbekistonda, ayniqsa, Farg’ona vodiysida dor o’yinlari, turli tomoshalar hamda tantanali marosimlarda qatnashadigan surnay, karnay va nog’oradan iborat an’anaviy ansambl tarkibidagi ko’s hamda qo’sh nog’ora o’rniga ko’proq 20 — asr boshidan katta va kichik Barabanlar ishlatiladi.