BARBARLAR

BARBARLAR (o’zlarini «amaxag» deb atashadi) — xalqlar (tamazigxt, rif, shilx, tuareglar, kabillar, shauyya va boshqalar) guruhi, shim. Afrika, Markaziy va G’arbiy Sudanning tub aholisi. 11,52 million kishidan ortiq (1992). Barbarliviy tillarida so’zlashadi. Ko’pchiligi — sunniylar. Barbarlar qadimda o’zlarini mazig deb atashgan bo’lsa kerak. U Barbarlarning bir qancha guruhlari etnonimida (masalan, tuareglar o’zlarini imoshag deb ataydilar) saqlanib qolgan. Barbarlar ajdodlari qadimda Misrdan G’arbdagi hududlarda yashashgan, ular Misr bitiklarida miloddan avvalgi 4ming yillikdan e’tiboran texenu nomi bilan uchraydi. Keyinchalik (Yangi podsholik davrida) bu qabilalar nomi — rebu yoxud Lebu (liviyaliklar nomi shundan olingan) shaklida uchraydi. Yunon adiblari liviyaliklar terminini Mag’rib mamlakatlari aholisiga nisbatan qo’llashgan, rimliklar esa ularni mavrlar, numidiylar, getullar va hokazolar deb atashgan. Shimoliy Afrikani arablar istilo etgan davr (7-8-asrlar) da Barbarlar etnonimi paydo bo’lgan. Barbarlarning asosiy mashg’uloti — dehqonchilik, bog’dorchilik va chorvachilik; qisman sanoat korxonalarida ham ishlashadi.