BARG NEKROZI

BARG NEKROZI (Yunoncha necrosis — o’lik) — barg hujayrasi yoki to’qimasining qurib qolishi. Bargni sovuq yoki oftob urishi, biror sabab bilan jarohatlanishi, kimyoviy moddalar ta’siri, shuningdek bakteriya va zamburug’larning zararlashi natijasida barg yaprog’ida sariq, qizg’ish, qo’ng’ir va qora dog’lar paydo bo’ladi. Masalan, Pseudomonos caucasicum Sen., Pseudomonos coronafaciens bakteriyalari ta’sirida danakli meva daraxt barglarida qizg’ish, suli bargida qo’ng’ir, gammoz bakteriyasi ta’sirida g’o’za bargida qoramtir dog’lar hosil bo’ladi. G’o’za va kartoshkada esa zamburug’lar ta’sirida makrosporioz (qo’zg’atuvchisi — Macrosporium), dukkakli ekinlarda askoxitoz va g’allali o’simliklarda zang kasalliklari paydo bo’ladi. Barg nekrozi g’alla ekinlarida, lavlagi, kunjut, kanop, tut daraxti va boshqa ekinlarda ham uchraydi. Kurash choralari: 0,5, 1,0 va 2,0% li Bordo suyuqligi purkash, xazon va o’simlik qodsiklarini yig’ib kuydirish, qo’llanmada ko’rsatilgan me’yorda kimyoviy moddalar ishlatish.