BAROTRAVMA

BAROTRAVMA (Baro… va travma) — havo bosimining keskin o’zgarishi natijasida o’zida havo saqlaydigan a’zolar (nog’ora parda, o’rta quloq, burunning yondosh bo’shlig’i, o’pka) ning shikastlanishi. To’satdan burun va qalqumdan qon kelishi bunga misol bo’la oladi. Atmosfera bosimi astasekin oshib borsa, quloq pardasiga hech qanday ta’sir etmaydi, chunki bunday hollarda bosim quloq pardasining ikkala tomonida (tashqi eshituv yo’li bilan o’rta quloq bo’shlig’i) Evstaxiy nayi orqali baravar taqsimlanadi. Bosim keskin o’zgarganda, mas, samolyot tez ko’tarilganida yoki tushganida, bosimni baravarlash uchun yutish harakatini bajarish tavsiya etiladi (buning uchun samolyotda yo’lovchilarga konfet beriladi). Eshituv a’zosi bosimni baravarlashga ulgura olmasa, quloq pardasi taranglashib, eshituv suyakchalari orqali bosim ichki quloqqa ta’sir etadi. Barotravmada dastlab quloq og’riydi, keyin odam yaxshi eshitmaydi, qulog’i shang’illaydi, ba’zan boshi aylanadi. Bosim ancha o’zgarganda quloq pardasi yorilishi mumkin. Barotravma uchuvchilar, parashyutchilar, g’avvoslar va boshqalarda uchraydi. Barotravmaning oldini olish uchun odamlar barokamsrada mashq qildiriladi: shovqinni kamaytiradigan moslamalardan foydalaniladi (quloq berkitiladi yoki ichiga paxta tiqiladi); bosim o’zgarishini ko’tara olmaydigan kishilar uchuvchilik, suv ostida suzish va ishlashdan ozod qilinadi. Davosi: bemor tinch qo’yiladi, tinchlantiruvchi dorilar va fizioterapiya buyuriladi.