BARYER FUNKTSIYA

BARYER FUNKTSIYA — odam va hayvonlar organizmining o’z ichki muhitini (qon, limfa va to’qima suyukligini) tashqi ta’sirlardan himoya qilishi, shu muhitni (tarkibi, kimyoviy, fizik hamda biologik xossalarini) nisbatan bir me’yorda saqlay olishi. Organizm bu funktsiyani baryerlar deb ataladigan maxsus fiziologik mexanizmlar yordamida amalga oshiradi. Ular shartli ravishda tashqi (teri, shilliq pardalar, nafas, ayirish va ovqat hazm qilish apparatlari) hamda ichki — gistogematik va gematoentsefalik barerlarga bo’linadi. Gistogematik barerlar a’zo va to’qimalarda qon bilan to’qima oralig’ida joylashgan. Shu baryerlar orasida jigar baryeri ayniqsa muhim. Ichakda hosil bo’lib, undan qonga o’tadigan ba’zi zaharli moddalarni jigar bareri zararsizlantirib turadi. Baryer funktsiya xam boshqa moslashuv mexanizmlari singari evolyutsiya jarayonida takomillashgan. A’zo va to’qimalarning bakteriyalarga, toksinlarga, moddalar almashinuvining buzilishi natijasida hosil bo’lgan mahsulotlarga, yot moddalar va doridarmonlarga sezgirligi Baryer funktsiyaga bog’liq. Baryer funktsiyadan gematoentsefalik baryer (qon bilan miya oralig’idagi), gematooftalmik barer (qon bilan ko’z to’qimalari oralig’idagi), plasentar baryer (ona organizmi bilan homila oralig’idagi) va boshqalar batafsil o’rganilgan.