BATUMI

BATUMI — Gruziya Respublikasidagi shahar (1878 yildan), Ajariya Respublikasi poytaxti (1921 yildan). Qora dengiz sohilidagi yirik port, kurort shahar va sanoat markazi. Boku — Batumi temir yo’lning oxirgi stansiyasi. Janubda Turkiya bilan chegaradosh. Aholisi 137 ming kishidan ziyod (1999). Batumining iqlimi iliq, nam subtropik. O’rtacha yillik temperatura 14°, avgustda o’rtacha temperatura 23°, yanvarda 6,4°; yiliga 2500 millimetr yog’in yog’adi. Shahar o’rta asrlarda Batomi deb yuritilgan. 17-asrda Usmonli turklar saltanati tarkibiga kirgan. Berlin shartnomasiga ko’ra 1875 yilda Rossiyaga qo’shib olingan. Neft qayta ishlanadi, mashinasozlik (kemalar, neft va choy sanoati uchun jihozlar, transformator, elektrokar va boshqalar ishlab chiqariladi), oziq-ovqat (choy, tamaki fabrikalari, tsitrus mevalari mahsulotlari kombinati va boshqalar), yengil (ko’n poyabzal va tikuvchilik ishlab chiqarish birlashmalari) sanoatlari rivojlangan. Texnik rezina buyumlari, kimyo-farmasevtika, kofein zavodlari bor. Pedagogika instituti, 2 teatr, 2 muzey, Akvarium-delfinariy bor. Batumi botanika bog’ida tropik va subtropik mintaqalarga xos o’simliklar o’stiriladi. Shahar yaqinida Maxinjauri, Zelyoniy mis (Yashil burun), Tsixisdziri, Kobuleti kurortlari joylashgan.