O’YMAKORLIK
O’YMAKORLIK — amaliy san’atning qadimiy va keng tarqalgan turi; yog’och, ganch, metall, tosh, suyak, terrakota va boshqalarni o’yish, yo’nish, kesish yo’li bilan badiiy shakl yasash san’ati. Buyumlar, turli asboblarni nafislashtirishda, binolarni bezashda, kichik shaklli haykaltaroshlik kompozitsiyalari yaratishda keng qo’llanadi. O’ymakorlikning mustaqil janri gliptika; foydalanadigan xom ashyosiga ko’ra yog’och o’ymakorligi, ganch o’ymakorligi, tosh o’ymakorligi, metall O’ymakorlik (kandakorlik), suyak o’ymakorligi kabi turlari bor. O’rta Osiyoda, jumladan, O’zbekiston hududida O’ymakorlik juda qadimdan rivojlangan. Ibtidoiy odamlar yog’och, suyak, hayvon shoxlaridan o’zlari uchun zarur qurollar yaratib, ularni «bezashgan», turli ramziy chiziq va belgilar ishlashgan, toshlarga rasmlar chizishgan. O’zbekistonning Janubdagi Oqtom va quyi Mozordan topilgan hayvon shoxi hamda suyak bo’lagiga chizib ishlangan tasvirlar miloddan avvalgi 2— 1-ming yillarga mansub. Yumaloqtepa qa’rida milodiy 5-6-asrlarga oid yog’och O’ymakorlik namunalari saqlangan. Fayoztepa, Qoratepa, Ayritom poydevorlari marmar, toshdan ishlanib O’ymakorlik bilan bezatilgan yodgorlik namunasidir. O’rta Osiyoda O’ymakorlik 3 yo’nalishda mavjud bo’lgan: naqsh O’ymakorlik, mavzuli (odam va hayvon tasviri ishlangan) O’ymakorlik hamda naqsh va mavzuli O’ymakorlik uyg’unligidagi murakkab kompozitsiyalar. Afrosiyob, Fayoztepa, Ayritom va boshqalarda qurilgan saroy, ibodatxona, zodagonlarning uy va qasrlari shunday O’ymakorlik bilan bezatilgan. Arablarning bu hududga kirib kelishi bilan bezak san’atida ko’proq geometrik va islimiy naqshlar keng o’rin egallab, ular xalqning ma’naviy estetik qarashlarini aks ettiruvchi vositaga aylandi. Shohizinda majmuidagi devor orasidan topilgan yog’och O’ymakorlik namunasi 12-asrga mansub. Shayx Sayfiddin Boharziy maqbarasidat yog’och taxtadagi naqshlar, ganch O’ymakorlik namunalari g’oyat murakkab va nafis. Amir Temur va Temuriylar davrida yaratilgan O’ymakorlik namunalari yuksak mahorat va nozik did bilan bajarilgan, unda ustaning mahorati, xalqning falsafiy- estetik qarashlari, go’zallik va jannat to’g’risidagi tushunchalari ramziy shakllarda o’z ifodasini topdi (Shirinbeka og’o maqbarasi o’yma naqshlari, Qusam ibn Abbos majmuasi eshiklari, Amir Temur maqbarasidat tosh o’ymakorligi namunalari va panjaralar). O’ymakorlikning yangi taraqqiyot bosqichi 16-17-asrlarga to’g’ri keladi, me’moriy qismlar (ustun, eshik, darvoza va boshqalar) bilan bir qatorda uy jihozlarini bezash ham keng tus oldi. 18-19-asrlarda O’ymakorlikning o’ziga xos maktablari rivojlandi, biribiridan jozibador san’at namunalari yuzaga keldi. O’ymakorlik uslubiy rangbaranglikka xizmat qildi. 19-asr oxiri — 20-asrda Xiva (O. Polvonov, S. Bog’bekov), Buxoro (Usta Shirin Murodov, A. Boltayev), Qo’qon (Najmiddinov Haydar va uning o’g’li Q. Haydarov) va boshqalarda mohir, qo’li gul ustalar yetishib chiqdi, ular Xudoyorxon o’rdasi, Knyaz Romanov saroyi, Kalontarov uyi, Sitorai Mohi Xosa kabi me’moriy yodgorliklarni mahorat bilan bezadi. 20-asrda O’ymakorlik yangi mazmun va shakllar bilan boyidi, mintaqalardagi mahalliy xususiyatlar bir-biri bilan uyg’unlashib ajoyib mujassamotlar yaratildi (Navoiy teatri, Muqimiy teatri, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi va boshqalar). Zamonaviy O’ymakorlik mustaqillik davrida bunyod etilayotgan me’moriy inshootlarning barcha turlarida qo’llanib, ular jozibador bezatilmoqda. Yog’och o’ymakorligida qo’qonlik Q. Haydarovning shogirdlari A. Abdullayev, H. Umarov, toshkentlik S. Xo’jayev, N. Ibrohimov, O. Fayzullayev, S. Rahmatullayev, N. Sohibnazarov, H. Odilov, A. Azlarov, samarqandlik M. Jumaboyev, A. Jalilov, N. Narzullayev va boshqalar; ganch o’ymakorligida M. Usmonovning shogirdlari M. Sultonov, A. Sultonov, Abdurahim Umarov, Mirvohid Usmonov va boshqalarning xizmatlari katta. Ne’mat Abdullayev.