BAG’DOD
BAG’DOD — Iroqning poytaxti (1921); Bag’dod muhofazasining ma’muriy markazi. Dajla daryosining har ikki sohilida; Markaziy va Janubiy Osiyo hamda O’rta dengiz mamlakatlarini birlashtirib turuvchi yo’llar chorrahasida. Mamlakatning eng katta shahri. Aholisi 4 million kishi (1990). Bag’dodda arablar (aksariyat), kurd, arman, turk, yahudiy va forslar yashaydi. Iqlimi O’rta dengiz iqlimi; yanvarning o’rtacha temperaturasi 10°, iyulniki 34°, yiliga o’rtacha 163 millimetr yog’in yog’adi. Bag’dodni 762 yil xalifa Mansur (754 — 775) Madinat as-Salom (Tinchlik shahri) nomi bilan bino qilib, Abbosiylar xalifaligi poytaxtiga aylantirgan. Bag’dod etimologiyasi to’g’risida bir necha rivoyatlar bo’lib, shulardan eng ko’p tarqalgani: bog’i dod (Dodning bog’i) va but (sanam) tuhfasi. 9-asrda Bag’dod xunarmandchilik, savdo va o’rta asr Sharq madaniyatining markazi bo’lgan. Bag’dodni eronlik buvayhiylar (945), Saljuqiylar sultoni To’g’rulbek (1055) va mo’g’ul xoni Hulokuxon (1258) bosib olgan. 1393 va 1403 yillarda Amir Temur saltanati tarkibiga kirgan. 1410 — 1508 yillarda Bag’dod Qora qo’yunli va oq qo’yunli ko’chmanchi turkman xonlari qo’l ostida bo’ldi. 1508 yilda Eron safaviylari egallagan, 1534 yil esa Usmonli turklar davlatiga qo’shib olindi. 1623 yilda Bag’dodni Eron shohi Abbos I bo’ysundirgan. 1638 — 1917 yillarda Usmonli turklar tasarrufida bo’ldi. 18-asrda Bag’dod Osiyodagi yirik savdo markazlaridai biriga aylandi. 1-jahon urushi davrida Bag’dodni Angliya qo’shinlari bosib oldi (1917 yil mart), 1920— 21 yillarda Angliyaning mandatli hududi tarkibida. 1921-58 yillar Iroq Qirolligining, 1958 yildan Iroq Respublikasining poytaxti. Bag’dod — mamlakatning transport-sanoat, savdo-moliya markazi. Temir yo’l, avtomobil va havo yo’llarining tuguni. Xalqaro ahamiyatga ega aeroport bor. Yirik daryo porti (chetga don. xurmo, jup, teri va boshqalar chiqariladi). Mamlakatdagi sanoat korxonalari (asosan to’qimachilik, ko’nchilik, tikuvchilik va oziq-ovqat) ning 25%i Bag’dodda. Metallsozlik, kimyo, tsement sanoati, elektrotexnika zavodi bor. Hunarmandchilikda ro’zg’or asboblari, zargarlik buyumlari, gilam, poyabzal kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bag’dod yaqini (Dora)da neftni qayta ishlovchi yirik zavod bor. Shaharda ko’plab zamonaviy binolar qurilgan. Shaharning chap sohildagi qismida ma’muriy muassasalar, parlament, xukumat binolari, o’ng sohilida ishlab chiqarish korxonalari va ustaxonalar joylashgan. Dajlaga bir necha yirik ko’prik qurilgan. Me’moriy yodgorliklardan Zubayda maqbarasi (13- asr), Xon marjon karvonsaroyi (1358 — 59), Abbosiylar saroyi (12 -13-asrlar), Oltin masjid (16-asr) va boshqalar saqlangan. Bag’dodda universitetlar, Fanlar akademiyasi, Nafis san’at instituti (1936), yuridik, savdo, tibbiyot, o’qituvchilar kollejlari, ko’plab muzeylar, jumladan Iroq muzeyi, Arab osori atiqa muzeyi, kutubxonalar bor.
BAG’DOD — shaharcha, Farg’ona viloyati Bag’dod tumani markazi. Tumanning shimoli-sharqiy qismida. Katta Farg’ona kanali yaqinida. 1894-1962 yillarda Serovo deb atalgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Furqat. Bardoddan Farg’onagacha bo’lgan masofa 70 kilometr. Aholisi 12,8 ming kishi (2000). asosan, paxtachilik bilan shug’ullanadi. Mebel, poyabzal fabrikalari, qishloq xo’jalik mashinalarini ta’mirlash ustaxonasi, aktsiyadorlik jamiyatlari, tumanlararo ta’minot bazalari (neft, kimyo va boshqalar), kichik va xususan korxonalar, telestudiya mavjud. 3 umumiy ta’lim maktabi, 2 litsey, 2 kutubxona. 1 aloqa bo’limi, 1 kasalxona, 2 poliklinika, muzey va 25 dan ziyod maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor.