BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI

BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI (BMT) — yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o’zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot. 1945 yilda tuzilgan. BMTni barpo etish haqidagi qaror SSSR, AQSh, Angliya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida 1943 yilda, Ustavi esa Sanfrantsisko konferentsiyasida 1945 yilda qabul qilindi. BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan, 2000 yilda esa ular soni 189 ga yetdi. BMTning doimiy ish o’rni (shtab kvartirasi) — Nyu-York. BMT Ustavida ko’rsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huqukdi bo’lishi va o’z taqdirini o’zi belgilashi qoidasiga amal qilib, Millatlar o’rtasida do’stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o’rtasida hamkorlik bo’lishini ta’minlashni ko’zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda Millatlar harakatini uyg’unlashtirib turadigan markaz hisoblanadi. 2000 yil 6-8 sentabrda BMTning 55-sessiyasi doirasida «ming yillik sammiti» bo’lib o’tdi. Unda 155 dan ortiq mamlakatning davlat va hukumat boshliqlari ishtirok etdi. Mazkur anjumanda umumbashariy ahamiyatga ega bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya va xavfsizlikka doir muammolar muhokama qilinib, yangi yuz yillikning dastlabki yillarida amalga oshirilishi mo’ljallanayotgan tadbirlar belgilandi. Sammit ishtirokchilari yakdillik bilan qabul qilgan deklaratsiyada 2015 yilgacha o’ta qashshoqlikda yashayotgan odamlar sonini yarmiga kamaytirish, orttirilgan immunitet taqchilligi sindromi — OITS (SPID) kasalligining tarkalishini to’xtatish, barcha bolalar uchun boshlang’ich ta’limni ta’minlash majburiyatini o’z zimmalariga oldilar. BMT o’z a’zolarining suveren tengligiga asoslanadi. BMT davlatlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Uning Ustavida qayd etilgan barcha majburiyatlarni zimmasiga oladigan davlatlar BMTga a’zo bo’la oladi. Yangi a’zolar BMT Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga muvofiq, BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan qabul qilinadi. BMT a’zolari xalqaro nizolarni tinch yo’l bilan hal etishlari lozim. Ustav qoidalarini doimo buzib turadigan davlat, Xavfsizlik Kengashining tavsiyasiga muvofiq, Bosh Assambleya qarori bilan BMT a’zoligidan chiqariladi. BMTning asosiy organlari: Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, iqtisodiy va ijtimoiy kengash (EKOSOS), Vasiylik kengashi, BMT huzuridagi xalqaro sud va BMT kotibiyati — Bosh kotib va boshqa xodimlardan iborat. BMT bosh kotiblari: Tryugve Li (Norvegiya, 1946-53), Dag Xammarsheld (Shvetsiya, 1953-61), U Tan (Birma, 1961-71), Kurt Valdxaym (Avstriya, 1972-81), Xaver Peres de Kuelyar (Peru, 1982-91), Butros Butros G’oli (Misr, 1992-97), Kofi Anan (Gana, 1998 y.dan). Bosh kotibni xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga muvofiq Bosh Assambleya 5 yil muddatga tayinlaydi. Bosh kotib har yili BMT ishi haqida Bosh Assambleyaga hisobot berib turadi, kotibiyat xodimlarini tayinlaydi. BMT va uning organlari barqaror ishlashini ta’minlashda, Bosh Assambleya va BMT boshqa organlari qarorlari amalda bajarilishida yordam beradi. Kotibiyat quyidagi departamentlar va boshqarmalarga bo’linadi: siyosiy masalalar va xavfsizlik Kengashi ishlari departamenti, iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti, Vasiylik va o’z-o’zini boshqarmaydigan hududlar departamenti, nazorat boshqarmasi, xodimlar boshqarmasi, Bosh kotibning ma’muriy idorasi, ijtimoiy axborot boshqarmasi, konferentsiyalarga xizmat qilish boshqarmasi, umumiy xizmat boshqarmasi, BMTning Jeneva bo’limi. BMT sessiyasi yilda bir marta chaqiriladi. Xavfsizlik Kengashining yoki BMT a’zolari ko’pchiligining talabi bilan har qanday masala yuzasidan maxsus sessiyalar chaqirilishi mumkin. BMTning rasmiy tillari — ingliz, frantsuz, rus, ispan va xitoy tillari bo’lib, ingliz, frantsuz, ispan tillarida ish yuritiladi. O’zbekiston o’z mustaqilligini e’lon qilganidan keyin ko’p o’tmay—1992 yil 2 martda BMTga a’zo bo’ldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i ko’tarildi. BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi (1993.24.8). BMTda O’zbekiston Respublikasi vakolatxonasi ish boshladi. O’zbekiston Respublikasi BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug’ullanuvchi tashkiloti — YUNESKOga ham a’zo bo’ldi. O’zbekiston o’z ovozi va mavqeiga ega bo’lgan a’zo sifatida BMT oldiga muhim va dolzarb masalalarni qo’yyapti. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning BMT Bosh Assambleyasi 48-sessiyasida (1993 yil sentabr), BMT tashkil etilganining 50 yilligiga bag’ishlangan sessiyada (1995 yil oktabr), BMT Bosh Assambleyasining «Ming yillik sammiti» (2000 yil sentabr) da so’zlagan nutqlari dunyo jamoatchiligida katta qiziqish uyg’otdi. Xususan, ushbu xalqaro tashkilotning 20 asr so’nggidagi eng yirik anjumanida O’zbekiston rahbari xalqaro terrorizm va narkobiznes bilan bog’liq muammolarni hal etish; mintaqaviy xavfsizlik, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash; jahon xavfsizligi tizimini takomillashtirish, BMT faoliyati va tarkibiy tizimini isloh qilishga taalluqli takliflar bilan chiqdi. O’zbekiston Respublikasi BMTning teng huquqli a’zosi sifatida bu eng nufuzli xalkaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilmoqda.