BIT

BIT, bitlar (Anoplura, Siphunculata) — qon so’ruvchi hasharotlar turkumi. Tashqi ko’rinishi parxo’rlarga o’xshab ketadi. Tanasi yassi, uzunligi 1-6 millimetr, qanotsiz. Ba’zi Bitning bir juft oddiy ko’zi bor, ko’pchiligida ko’z rivojlanmagan. Mo’ylovlari kalta, maxsus egatchaga kirib turadi. Og’iz apparata sanchib so’ruvchi. Og’iz teshigi ag’darilib tashqariga chiqadigan nay bilan o’ralgan. Nay devorida qator joylashgan ilmoqlar yordamida Bit qon so’rayotganida teriga yopishib oladi. 3 juft oyoqlari tanasining 2 yoniga keng yoyilib turadi. Barmoqlarining uchida ilmoqka o’xshash qayrilgan tirnoqlari yordamida kiyim yoki soch tolalariga yopishib oladi. Urg’ochi Bitlar o’z hayoti davomida bir necha o’ntadan 300 tagacha sirka (tuxum) qo’yadi. Sirkasini maxsus yopishqoq sekreta yordamida kiyim yoki soch tolalariga yopishtiradi. Sirkadan bir haftada yosh bitcha (mag’zak)lar chiqadi. Bit chala o’zgarish bilan rivojlanadi, 18-20 kun yoki undan ko’proq vaqt davomida voyaga yetadi. 300 ga yaqin turi ma’lum. Bit sut emizuvchi hayvonlarda parazitlik qiladi. Har bir hayvonning o’z biti bo’ladi. Odamda bosh Biti (Pediculus humanis capites), kiyim Biti (P. humanis westimenti) va qov Biti (Phthiras pubis, badanning siyrak yungli a’zolari: qosh, kiprik, qo’ltiq osti, jinsiy a’zolar atrofida) bo’ladi. Bitlar toshmali va qaytalama terlama kasalliklarini tarqatadi. Odamlar g’uj bo’lib yashaydigan joylarda (bog’cha, maktablar, ko’p bolali oilalar, harbiy xizmat joylari) Bitlarning tarqalishi uchun qulay sharoit tug’iladi. Bitlashning oldini olish uchun shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish lozim.