BOSH SUV OLISH INSHOOTI

BOSH SUV OLISH INSHOOTI — daryodan kanallarga to’g’onsiz suv olish joyida quriladigan inshoot. Bosh suv olish inshooti o’rnini belgilashda asosan daryoning qirg’oq sharoiti hisobga olinadi (Daryo qirg’og’ining tuproq tarkibi, emirilish xususiyatlari toshqin vaqtida daryo suvining ko’tarilish sathi va boshqalar). Agar daryo qirg’og’i suv olish joyida emirilmaydigan mustahkam bo’lsa, u holda Bosh suv olish inshooti bevosita daryo qirg’og’iga yaqin joyda quriladi (1-tip). Lekin ko’pgina hollarda O’rta Osiyo sharoitida daryolar qirg’og’i yuviladigan bo’lganligi uchun Bosh suv olish inshooti qirg’oqdan ma’lum masofa narida quriladi (2-tip). Amudaryodan suv oladigan Toshsoqa, Qizketgan kanallari Bosh suv olish inshootilari 1-tipdagi, Amu Buxoro, Qilichniyozboy kanallari Bosh suv olish inshootilari 2-tipga misol bo’la oladi. Bosh suv olish inshooti tarkibida daryodan kanalga olinadigan suv sarfini boshqarish imkonini beradigan suv o’tkazuvchi oraliqlar, shlyuzli boshqariladigan oraliqlar barpo etiladi. Bosh suv olish inshooti kanallarga iloji boricha loyqa kirishining oldini olish uchun ham xizmat qiladi, shuningdek ba’zi Bosh suv olish inshooti shlyuzlar orqali daryodan kanallarga suzuvchi kema va zemlesoslarni o’tkaza oladi.