BOLA BAXSHI

BOLA BAXSHI (taxallusi; asl ismi Abdullayev Qurbonnazar) (1899 Xiva tumani Gullanbog’ qishlog’i—1994) — O’zbekiston xalq dostonchisi (1938). 2-jahon urushi qatnashchisi, Xorazm dostonchilik maktabining yirik vakili. Xorazmlik Jumanazar baxshi (?— 1929) ning shogirdi. O’n yoshlaridayoq katta yoshdagi baxshilar davrasida Doston, qo’shiq aytganligi uchun «bola baxshi» nomini olgan. Uning repertuarida «Oshiq G’arib va Shohsanam», «Oshiq Mahmud», «Bozirgon», «Xirmondali», «Avazxon», «Kampir», «Qirqming», «Safar ko’sa» kabi 20 ga yaqin doston bo’lib, ulardan «Bozirgon» (1965), «Avazxon» (1967) dostonlari yozib olinib, nashr etilgan. U yoshlarga doston aytishni o’rgatish maktabi tashkil qilgan (1970), ko’pgina shogirdlar etishtirgan. O’zbekiston adabiyoti va san’ati dekadasi (Moskva, 1937), O’zbekiston xalq ijodchilari olimpiadasi (Toshkent, 1938), xalqaro Oltoyshunoslar (Toshkent, 1987) hamda boshqa folklor anjumanlari (1978, 1985)da qatnashgan. Ad.: Mirzayev T., Xalq baxshilarining epik repertuari, T., 1979.