BOLALAR PSIXOLOGIYASI

BOLALAR PSIXOLOGIYASI — psixologiya sohasi, bolalar psixologik rivojlanishining umumiy va aloxida xususiyatlarini, turli yosh bosqichlarida bu jarayon qanday kechishi, uni harakatlantiruvchi kuchlar va qonuniyatlarni tadqiq qiladi. Shu sababli Bolalar psixologiyasini ko’pincha yosh psixologiyasi deb ataydilar. Bolalar psixologiyasi bolalarda psixik jarayonlar (ma’rifiy, nutqiy, hissiy, irodaviy va hokazolar) paydo bo’lishi va rivojlanishini, psixik xususiyatlar qaror topishini, xilmaxil faoliyatning (o’yinlar, o’qish, mehnat) rivojlanishini, bolaning shaxs sifatida shakllanishini o’rganadi. Bolalar psixologiyasi umumiy psixologiyada ishlab chiqilgan tadqiqot usullaridan foydalanadi, biroq uni qo’llashning o’ziga xos xususiyatlari bor. Bola shaxsi yosh xususiyatlarini o’rganishda ko’ndalang kesma va longityud deb nomlangan tadqiqotlar o’tkaziladi. Birinchi holatda birgina psixik jarayonning o’zi bir vaqtda turli yosh guruhlariga taalluqli bo’lgan bolalarda tadqiq qilinadi. Ikkinchi holat (longityud) da esa ma’lum bir (alohida tanlab olingan) bolalarning psixik xususiyatlari ko’p yillar davomida tadqiq qilinadi. Bu esa o’z navbatida ular psixikasi rivojlanishining umumiy kechishini kuzatish imkoniyatini beradi. Bolalar psixologiyasi 19-asr o’rtalarida mustaqil fan sifatida ajralib chiqa boshladi. U pedagogika psixologiyasi, pedaogika, oliy asab faoliyati fiziologiyasi bilan chambarchas bog’langandir. Uning ma’lumot va xulosalari yosh avlodni o’qitish va tarbiyalash nazariyasi va amaliyoti uchun, umumiy psixologiya uchun muhim ahamiyatga ega. O’zbekistonda Bolalar psixologiyasi masalalari bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda (M. G. Davletshin, M. M. Vohidov, S. A. Oxunjonova, F. B. Shoumarov va boshqalar).