BOLALAR O’YIN QO’SHIQLARI

BOLALAR O’YIN QO’SHIQLARI — folklor janri. Bolalar o’yini jarayonida aytiladi. Bolalar o’yinining tarkibiy qismi bo’lib, o’yin uchun zamin, kayfiyat hozirlaydi, ishtirokchilar harakatini to’ldiradi, dramatik holatni yuzaga keltiradi. O’zbek bolalarining ko’plab an’anaviy o’yini ko’shiqlari bor. Odatda, bolalar o’z o’yinlarini chek tashlash yoki sanamalar («bir, ikki …o’n olti», «Choriy chambar» va boshqalar), shuningdek «O’rta qo’l topish», «Guldur gup» va boshqalar yordamida boshlaydilar. O’g’il va qiz bolalar o’rtasida «To’p», «To’p tosh», «Chittigul» kabi o’yinlar keng tarqalgan va o’ziga xos qo’shiqdari ham bor. Bolalar o’z davrasida ularni aytish orqali qo’shiqchilik mahoratini namoyish etadilar, akalari, kelinoyilari va boshqalarni tasvirlaydilar. Koptok o’yinida aytiladigan qo’shiq koptokning yer yoki devorga urilishiga hamohang bo’lib, u orqali yutuqlar soni hisoblanadi. Harakat va ovozning ritmik birligi o’ziga xos musiqiylik yaratib, bolaning o’yin holatidagi kayfiyatini ifodalaydi. Unda ma’lum tarixiy davr, bolalar o’sayotgan sharoit, oilaviy muhit va bunga ularning munosabati, shuningdek kayfiyat va kechinmalari yaqqol sezilib turadi. Bolalar o’rtasida keng tarqalgan «Oq terakmi, ko’k terak?», «Chuchvara qaynaydi», «Tepdim, sandiq ochildi», «Dumsiz tulki», «Quyonim, quyonim, ne bo’ldi» kabi o’yin va ularning qo’shiqlari O’zbekistonning turli joylarida turlicha nomda uchrasa ham, mazmuni asosan bir xil. Bolalarning o’zaro muomala madaniyatining oshishi, kirishimlilik, dilkashlik kabi fazilatlarining shakllanishi, shuningdek xam jismoniy, ham ma’naviy o’sishida bunday qo’shiqlar muhim ahamiyatga ega.