BULUNG’UR TUMANI

BULUNG’UR TUMANI —Samarqand viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Bulung’ur tumani shimolda Jizzax viloyatining G’allaorol tumani, Sharqda Baxmal tumani, g’arbda Samarqand viloyatining Jomboy tumani, Janubi g’arbda Toyloq tumani, Janubda Urgut tumani va Janubi Sharqda Tojikiston bilan chegaradosh. Maydoni 0,76 ming kilometr kvadrat. Aholisi 116,8 ming kishi (2000). Bulung’ur tumanida 1 shahar (Bulung’ur) va 7 qishloq fuqarolari yig’ini (Beshqo’ton, Kulchabiy, Navoiy, Sohibkor, Fozil Yo’ldosh, O’rtabuloq, Qildon) bor. Markazi — Bulung’ur sh. Tabiati. Bulung’ur tumani Turkiston tizmasining Janubi g’arbidagi tog’ oralig’i botig’ida joylashgan. Yer yuzasi tekislik. Tuman sharqida G’ubdintog’ bor. Yer usti tuzilishi tog’oldi tekisliklari, adirlar, past tog’lardan iborat bo’lib, mutlaq balandligi 800— 1000 metr. Iqlimi kontinental, quruq iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -0,3°, iyulniki 25,5″. Yiliga 377-467 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 210-230 kun. Adirlarda Axtambuloq, Karabkibuloq, Mirzabuloq kabi buloqlar bor. Tuman hududidan Bulung’ur, Yangibesh, Qoraariq, Qorasuv, Polvonariq, Tuyatortar, Oqtepa, Oqariq kabi ariq va kanallar o’tadi. Qumloq va bo’z tuproqlar tarqalgan. Shuvoq, efemer, efemeroidlar o’sadi. To’qayzorlar bor. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, chiyabo’ri, tulki, quyon, bo’rsiq, parrandalardan tustovuq, kaklik, bedana yashaydi. Aholisi, asosan o’zbeklar, shuningdek rus, tojik, ukrain, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga 157 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 23,2 ming kishi, qishloq aholisi 93,6 ming kishi. Bulung’ur tumanida o’rta asrlarda xonlarning Bedana qo’rug’i deb ataluvchi dam oladigan joyi bo’lgan. Bulung’ur tumani hududida 1451 yilda Samarqand hukmdori Mirzo Abdullo bilan Abu Said qo’shinlari o’rtasida katta jang bo’lgan. Jangda Mirzo Abdullo qo’shini yengilgach, Abu Said Samarqand taxtini egallagan. Xo’jaligi. Bulung’ur tumanida 11 qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash sanoat korxonasi, shu jumladan 8 tasi uzumni qayta ishlashga, 2 tasi konserva mahsulotlari ishlab chiqarishga, 1 tasi meva va sabzavotlarni quritishga ixtisoslashgan. Samarqand bolalar oyoq kiyimlari ishlab chiqarish korxonasining filiali, Bulung’ur terini qayta ishlash korxonasi, Samarqand «Gelion» zavodi filiali bor. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari tokchilik, pillachilik, chorvachilik, g’allakorlik, sabzavotchilik, kartoshkachilikdan iborat. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 19 ming gektar, ekinzorlar 31 ming gektar, shu jumladan 5877 gektar yerga tok, 2000 gektar yerga sabzavot, 750 gektar yerga kartoshka, 14525 gektar yerga g’alla, 2144 gektar yerga mevali daraxtlar ekilgan. Bulung’ur tumanida 20 shirkat xo’jaligi, 33 dehqon va fermer xo’jaligi va boshqa xo’jaliklar bor (2000). Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 41,6 ming qoramol, 30,6 ming qo’y va echki, 42,0 ming parranda boqiladi (2000). Toshkent — Buxoro temir yo’lning 19 kilometr Bulung’ur tumanidan o’tgan va to’liq elektrlashtirilgan. Bulung’ur tumanidan Olmaota — Toshkent — Termiz avtomobil yo’li o’tgan bo’lib, uzunligi 22 kilometr. 1999/2000 o’quv yilida 66 umumiy ta’lim maktabida 31,6 ming o’quvchi, 2 kasb-hunar litseyida 1058 o’quvchi ta’lim oldi. 45 ommaviy va bolalar kutubxonasi, xalq teatri, «Yoshlik» ashula va raqs ansambli, «Chavki» folklor etnografik xalq ansambli, 70 havaskorlik to’garagi va bolalar musiqa maktabi faoliyat ko’rsatadi. 15 madaniyat uyi, 460 o’rinli 2 kasalxona va dispanser, epidemiyaga qarshi stansiya, xo’jalik hisobidagi profilaktik zararsizlantiruvchi stansiya, 4 poliklinika, 36 feldsher-akusherlik, 7 qishloq vrachlik punktlari bo’lib, ularda 236 vrach, 539 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi (2000). 1933 yildan «Bulung’ur hayoti» tuman gazetasi chiqadi.