BURHONIDDIN G’OZI AHMAD
BURHONIDDIN G’OZI AHMAD (1344 Sivas — 1398) — turk shoiri, olim, davlat arbobi. Shom (Suriya) va Misrda tahsil olgan, Arab, fors tillarini mukammal o’rgangan. Vataniga qaytgach, Sivasda qozi, so’ng shu viloyat hokimi. Davlat ishlarida adolat va muruvvat yo’lini tutishga harakat qilgan. G’azal, ruboiy, tuyuq va boshqa janrlarda yozgan. Hayot va muhabbat lirikasi bilan bog’liq dunyoviy mavzular, inson qalbining nozik kechinmalari she’rlariga xos yetakchi xususiyatdir. Burhoniddin turk she’riyatida tuyuq janrini rivojlantirgan. She’rlarini to’plab devon tuzgan (1394). Devonining qo’lyozma nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi. Istanbulda nashr etilgan (1943). 12 tuyug’i sharqshunos T. M. Melioranskiy tomonidan rus tiliga tarjima qilingan (1895, Peterburg). Burhoniddin «Tarjix uttavzih» («Izoh ustunligi»), «Iksir uladati Fi Asroilibodati» («Odat mohiyati ibodat sirlarida») asarlarini Arab tilida yozgan. Ad.: Orzibekov R., Tuyuq poetikasi, T., 1985.