BUXORIY NOSIR
BUXORIY NOSIR (14-asr boshlari, Buxoro— 1378, Tabriz) —shoir. Xorijiy Sharq mamlakatlariga sayohat qilgan. Asarlarida vatanparvarlik g’oyalarini ilgari surgan, insoniy muhabbatni kuylagan. G’azallarida Sa’diy, Umar Xayyom, Ibn Yaminlarning ta’siri seziladi. Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ushshuaro» (1486), Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston» (1487), Alisher Navoiyning «Mahbub ulqulub» (1501), Amin Axmad Roziyning «Haft iqlim» (1593) asarlarida Buxoriy ijodi yuqori baholangan. 1454 yilda Mahmud kotib tomonidan ko’chirilgan devoni bor. Devondan mashhur kishilarga atalgan qasidalar, hayitlar munosabati bilan yozilgan g’azallar va qitalar joy olgan bo’lib, jami 7 ming baytni tashkil etadi. Buxoriy qo’lyozmalari Tojikiston Sharqshunoslik instituti (inv. № 8847), Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt Peterburg bo’limi (inv. № 1642) hamda Tehron untida (inv. № 2418) saqlanadi. Ad.: Abdullayev I., Nosir Buxoriy, T., 1969.