BUXORO VILOYATI
BUXORO VILOYATI — O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938 yil 15 yanvarda tashkil etilgan. Buxoro viloyati. xududi asosan Qizilqum cho’lida joylashgan. Janubi sharqini Zarafshon vodiysi egallagan. Shimoli g’arbda Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston Respublikasi, shimol va sharqdan Navoiy viloyati, Janubi Sharqda Qashqadaryo viloyati, Janubi g’arbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 39,4 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1443 mingdan ziyod kishi (2001). Buxoro viloyati tarkibida 11 qishloq tumani: Buxoro, Vobkent, Jondor, Kogon, Olot, Peshku, Romitan, Shofirkon, Qorovulbozor, Qorako’l, G’ijduvon, 11 shahar (Buxoro, Galaosiyo, Vobkent, Gazli, Kogon, Olot, Romitan, Shofirkon, Qorako’l, Qorovulbozor, G’ijduvon), 3 shaharcha (Jondor, Zafarobod, Yangibozor), 121 qishloq fuqarolari yig’ini bor. Markazi — Buxoro shahri. Tabiati. Buxoro viloyati xududining relefi aksariyat geomorfologik xususiyatlariga ko’ra birmuncha murakkab tekisliklardan iborat. Eng baland joyi Quljuqtov tizmasi. Quljuqtov bilan Zarafshon daryosi vodiysi oralig’ida Oyokog’itma botig’i joylashgan. Tekisliklar Amudaryo o’zani tomon qiya. Buxoro viloyatida quyidagi relyef ko’rinishlarini ajratish mumkin: 1) alohida ifodalangan past tog’lar, platolar (Kuljuqtov, Tuzkoy tog’i, Jarqoq, Saritosh); 2) tekis yuzali plato va qirlar (Qorako’l, Dengizko’l, Uchbosh, Qoraqir); 3) Daryo va ko’l yotqiziqlari bilan qoplangan va shamol ta’sirida vujudga kelgan akkumulyativ tekisliklar; 4) alohida ifodalangan berk botiqlar (Qoraxotin, Oyoqog’itma, Dengizko’l); 5) yassi yuzali vohalarda balandligi 5-15 metrli tepalar uchraydi. Tog’lar asosan silur, devon, toshko’mir, bo’r, paleogen, neogendavrlari jinslaridan tuzilgan. Tekislik va qumliklar to’rtlamchi geologik davr tabiiy omillari ta’sirida o’zgargan. Foydali qazilmalardan Setalantepa, Jarqoq, Gazli, Uchqirda gazetasi, kemachi, Zikri, O’rtabulokda neftgaz hamda grafit konlari, ohaktosh, bentonite (gilmoya), granit konlari topilgan. Buxoro viloyatida juda ko’p mineral suv zaxiralari aniqlangan. Quljuqtov, Qoraxotin, Jing’ildi, Oyoqog’itma botig’i atroflaridan topilgan suvlardan xo’jalikda qisman foydalaniladi. Viloyat seysmik jihatdan 7 balli, faqat Gazli shahri atrofi 9 balli zilzila zonasiga kiradi. Iqlimi keskin kontinental: yozi issiq, uzoq, quruq, iyulning o’rtacha temperaturasi 28-32°, qumliklarda 60-70° gacha ko’tariladi. Yanvarning o’rtacha temperaaturasi 0° dan—2° gacha. Yiliga 90-150 millimetr yog’in tushadi. Asosan bahor va qishda yog’adi. Vegetatsiya davri 220 kun. Buxoro viloyatining asosiy suv manbai — AmuBuxoro mashina kanali. Quyimozor, To’dakul, Sho’rkul suv omborlarining ahamiyati katta. Bundan tashqari vohalar atrofida zovur va oqova suvlar tashlanadigan Dengizko’l, Qoraqir, katta Tuzkon va Devxona kabi ko’llar mavjud. Buxoro viloyati bo’yicha obikor yerlarning 94,4% turli darajada sho’rlangan. Cho’l zonasida kam chirindili qo’ng’ir tusli sur, qumli cho’l, taqir tuproqlar va sho’rxoklar keng tarqalgan. Ular turli tipdagi yaylovlar hosil qiladi. Buxoro viloyati cho’llarida 55 oilaga mansub 580 tur yuksak o’simliklar uchraydi. Bulardan 18 tasi endemik tur. Cho’l o’simliklari ekologik sharoitga mos holda alohida jamoalar hosil qilgan. Qumli cho’llarda Qandim (juzg’un), saksovul, cherkez, selin, patloq, singren, Iloq ko’proq bo’lsa, gipsli cho’llarda qizilcha, sassiqkovrak, karrak, biyurg’un keng tarqalgan. Sho’rxokli erlarda sho’rajriq, sarsazan, qorabarak, sho’ralar, to’qayzorlarda turang’il teragi, jiyda, tol, yulg’un, qamish kabi turlar o’sadi. O’simliklar yaylov chorvachiligi uchun ozuqa manbai. Vohalarda madaniy o’simliklar bilan birga 200 dan ortiq begona o’t turi uchraydi. Buxoro viloyatida umurtqali hayvonlarning 400 dan ortiq turi yashaydi. Suv havzalarida baliqning 37 turi uchraydi. Amfibiyalarning 2 turi (ko’l baqasi, yashil qurbaqa), sudralib yuruvchilarning 40 turi (dasht agamasi, qum yumaloqboshi, quloqli yumaloqbosh kaltakesak, echkemar, qum bo’g’ma iloni, suvilon, o’qilon, ko’lbor ilon, kapchabosh, charxilon, chiporilon va boshqalar), qushlarning 300 dan ortiq turi, sut emizuvchilarning qariyb 50 turi (yumronqoziq, qumsichqon, qumquyon, ko’rsichqon, qum mushugi, tulki, va boshqalar), hasharotlarning 300 ga yaqin turi uchraydi. Buxoro viloyatida Buxoro «jayran» ekologik markazi, Vardanze davlat tabiat yodgorligi, Dengizko’l, Qoraqir buyurtma qo’riqxonalari mavjud. Buxoro vohasining cho’lga tutash yerlarini qum bosishdan saqlash uchun agroo’rmon meliorasiyasi tadbirlari o’tkaziladi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, qozoq, tatar, yahudiy, rus, qoraqalpoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga 35 kishi to’g’ri keladi. Vohalarda aholi ancha zich (1 kilometr kvadratga 100— 300 kishi). Cho’l yaylovlarida 1 kilometr kvadratga 12-25 kishi, qumli yaylovlarda 1-3 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 448 ming kishi, qishloq aholisi 995 ming kishi (2001). G’ijduvon, Vobkent, Shofirkon tumanlarida aholi zichroq. Xo’jaligi. Buxoro viloyati iqtisodiyotida sanoat salmoqli o’rin egallaydi. 100 dan ortiq sanoat korxonasi mavjud. Gazli gazneft rayoni gaz yoqilg’isini yetkazib bermoqda. 1964-65 yillarda ishga tushirilgan Buxoro — Toshkent — Bishkek — Olma-ota gaz yo’li O’zbekistondagi, shuningdek qo’shni mamlakatlardagi iste’molchilarga gaz yetkazib berishga xizmat qiladi. 1997 yil Qorovulbozorda qurib ishga tushirilgan neftni qayta ishlash zavodi respublikaning neft mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqsa. Sanoati. Buxoro viloyatida oziq-ovqat sanoati bir necha o’n yillardan buyon mavjud. Buxoro go’sht kombinati, sutni qayta ishlash kombinati, non zavodi, Buxoro, Kogon, Qorako’l un kombinatlari, «Buxoroyog» ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati, Buxoro, G’ijduvon mevasabzavot konserva zavodlari, Buxoro vino zavodi, Buxoro va G’ijduvon pivo va yaxna ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari ishlab turibdi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng, oziq-ovqat sanoatida tashkiliy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Korxonalar ilg’or texnologiya bilan jihozlandi. Yangi qadoqlash liniyalari, Buxoro, G’ijduvon, Qorako’l, Vobkent shaharlarida Germaniya texnologiyasiga asoslangan non tsexlari ishga tushirildi. «Buxoroteks» aktsiyadorlik jamiyatining filiallari G’ijduvon, Vobkent, Qorako’l va Olotda ishlab turibdi. Buxoro pillakashlik fabrikasi va uning filiallarida pilla qayta ishlanmoqda. Buxoro trikotaj kiyimlar fabrikasida erkaklar, ayollar va bolalarning ustki va ichki kiyimlari ishlab chiqariladi. Buxoro tikuvchilik fabrikasi, Buxoro va G’ijduvon poyabzal fabrikasi, Shofirkonda Turkiya bilan hamkorlikda qurilgan «Vardanzi» tikuvchilik qo’shma korxonasi, «Qorako’l» aktsiyadorlik jamiyati qoshida Gretsiya bilan hamkorlikda «Omega—Sitora» qo’shma korxonasi ishga tushirildi. Mahalliy sanoat korxonalaridan Buxoro «zardo’z» aktsiyadorlik jamiyati, G’ijduvon kulolchilik tsexi, G’ijduvon va Shofirkondagi gilam to’qish fabrikalari, Kogon paxta titish fabrikasi, Romitan to’qimachilik fabrikasi, tikuvchilik, badiiy kashtachilik, misgarlik, zargarlik, kosibchilik va 20 dan ortiq g’isht zavodlari ishlab turibdi. Paxta tayyorlash punktlari, quritish, tozalash tsexlari, paxta tozalash zavodlari bor. Paxta tolasi yangi uskuna va texnologiyalar asosida jahon andozalariga muvofiq ishlab chiqarilmoqda. Buxoro uysozlik kombinati, Kogon ohak zavodi, Quyimozor va Kogon yig’ma temir-beton buyumlari zavodlari, Italiya bilan hamkorlikda qurilgan koshinlar ishlab chiqariladigan «Minokor» zavodi, Buxoro temirbeton zavodi bor. Gazavtomatika ishlab chiqarish birlashmasida qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligi. Buxoro viloyati iqtisodiyotining asosini qishloq xo’jalik (paxtachilik, g’allachilik, mevachilik, polizchilik, sabzavotchilik, bog’dorchilik, chorvachilik) tashkil etadi. Viloyat dehqonchiligida sug’oriladigan yerlar (tomorqa yerlar bilan birga) 273,7 ming gektar, partov yerlar 14,2 ming gektar, cho’l yaylovlari 2764,6 ming gektar. Paxta 129 ming gektar, makkajo’xori 857 gektar, donli ekinlar 81,2 ming gektar, sholi 200 gektar, pomidor.2741 gektar, sabzavot poliz ekinlari 9,3 ming gektar, lavlagi 116 gektar, kartoshka 2967 gektar, yemxashak ekinlari 15,9 ming gektar, shu jumladan beda 7,1 ming gektar. Bog’lar 18,2 ming gektar, tutzorlar 5,9 ming gektar. Buxoro viloyatida 236 shirkat uyushmasi va jamoa xo’jaligi, 4162 fermer xo’jaligi, 41 xo’jaliklararo korxona, 5 parrandachilik fabrikasi mavjud (2001), Chorvachilik Buxoro viloyatining rivojlangan tarmog’i bo’lib, qoramolchilik, qo’ychilik, echkichilik, yilqichilik, tuyachilik va parrandachilik rivojlangan. Ayniqsa, Buxoro qorako’llari mashhur. Buxoro viloyatining barcha tizimdagi xo’jaliklarida 428 ming qoramol, shundan 184,7 ming sigir, 750 ming qo’y, 64 ming echki, 3 ming yilqi, 2,8 ming tuya, 771 ming parranda mavjud (2001). Viloyatda ipak qurti ham boqiladi. 10 ta o’rmonchilik xo’jaligi bo’lib, asosiy o’simliklari saksovul, cherkez, Qandim. Qorako’l o’rmon xo’jaligida esa dorivor o’simliklar ham yetishtiriladi. Transporti. Buxoro viloyatidan magistral temir yo’l o’tgan. Eng katta temir yo’l stantsiyasi — Kogon. Viloyat ahamiyatidagi avtomobil yo’llarining umumiy uzunligi 9820 kilometr, shu jumladan qattiq qoplamali yo’llar 4655 kilometr (2000). Asosiy avtomobil yo’llari: Buxoro—Toshkent, Buxoro— Urganch— Nukus, Buxoro—Turkmanobod (Chorjo’y) va Buxoro—Termiz yo’nalishlari. Aeroport bor. Madaniy-maorif, sog’liqni saqlash va sport. 2000/01 o’quv yilida viloyatda 528 umumiy ta’lim maktabi bo’lib, 325,2 ming o’quvchi, 25 gimnaziyada 5700 o’quvchi ta’lim oldi. 1998-2001 yillarda 14 kasb-hunar kolleji va 5 akademik litsey qurib topshirildi. 14 kasb-hunar kollejida 2400 o’quvchi o’qiydi. 2001— 2003 yillarda viloyatdagi mavjud 1 texnikum va 24 hunar-texnika bilim yurtlari kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga aylantiriladi (O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 12 iyun qarori). Viloyatda 3 oliy o’quv yurti bor: Buxoro universiteti, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti, Buxoro tibbiyot instituti. Ularda 9800 talaba ta’lim oladi (2001). Buxoro shahrida O’zbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining Buxoro filiali (1928-94 yillarda Buxoro paxtachilik tajriba stansiyasi) faoliyat ko’rsatmoqda. Viloyatda Buxoro davlat me’moriybadiiy muzeyqo’riqxonasi (uning 6 filiali bor), 450 ommaviy kutubxona, 148 klub, 210 madaniyat uyi, 7 madaniyat va istirohat bog’i, 15 badiiy havaskorlik jamoalari bor. Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat kutubxonasi (1921) respublikadagi nufuzli kutubxonalardan sanalib, unda noyob qo’lyozmalar mavjud. Buxoro viloyatida 2 ta teatr bor. Sadriddin Ayniy nomidagi musiqali drama va komediya teatri to’ng’ich o’zbek professional teatrlardan biri. 1921 yil xavaskorlar guruhi asosida tashkil qilingan. Buxoro viloyat qo’g’irchoq teatri 1982 yil tashkil qilingan. Buxoro viloyatidan olim Xo’jayev, Hikmat Latipov, Sa’dixon Tabibullayev, Lutfulla Nazrullayev, Nazokat Ne’matova, Aminjon Akobirov, Razzoq Xamroyev kabi yirik san’atkorlar; Domla Halim Ibodov, Ota Jalol Nosirov, Ota G’iyos Abdug’aniev, Levina Hofiz, Sattor Yarashev, O’lmas Rasulov, Muxtor Ashrafiy, Mutal Burhonov, Mustafo Bafoev singari xalq hofizlari va kompozitorlari. Maryam Yosubova, Tesha Mo’minov, Baxtiyor Ixtiyorov, Ahmadjon Shukurov singari xalq artistlari etishib chiqqan. Sog’liqni saqlash. Viloyatda 6700 o’rinli kasalxonada 4343 vrach va 16100 o’rta tibbiy xodim ishlab turibdi. 22 ayollar konsultatsiyasi, 281 qishloq vrachlik punkti, 68 feldsherakusherlik punkti, 28 qishloq uchastka kasalxonasi bor. 17 poliklinikada jarrohlik markazlari, 9 ambulatoriyada ixtisoslashtirilgan davolash markazlari tashkil etilgan. Viloyatda 3 sanatoriy, jumladan Sitorai Moxi Xosa sanatoriysi mavjud. Buxoro shahridan 25 kilometr narida To’dako’l dam olish maskani joylashgan. 2001 yilgacha o’z kasbi bo’yicha xususiy ish faoliyati yuritish uchun viloyatda 150 mutaxassisga litsenziya berildi. Sport. Buxoro viloyati sportchilari sportning ko’plab turlari bo’yicha turli darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqda (kurash, chim ustida xokkey, voleybol, futbol, tennis, boks va boshqalar). Buxoro viloyatida shakllangan va o’z tarixiy ildiziga ega Buxorocha kurash bugungi kunda O’zbekcha kurash sifatida jahon sport olamida o’ziga xos o’rin egalladi. Buxorodan sambo bo’yicha jahon va Yevropa chempioni Sobir Qurbonov, 2 marta jahon chempioni Shuhrat Xo’jayev, jahon chempionlari Shuhrat Ochilov, Botir Turdiyev, Rauf Boltayev, Botir Xo’jayev, kurash bo’yicha 1-jahon chempionlari Akobir Qurbonov, Kamol Murodov, 1-Osiyo chempioni Farhod To’rayev, Shuhrat Sa’diyev (yunonrum kurashi), Narimon Otayev (boks) kabi mashhur sportchilar etishib chiqqan. «Sitora» ayollar jamoasi chim ustida xokkey bo’yicha Osiyo chempionlari kubogi sohibidir (2000). O’zbekiston mustaqillikka erishgach, sport turlari Buxoro shahri va viloyatda ommalashdi. Zamonaviy sport inshootlaridan «Buxoro» futbol klubining 25000 tomoshabinga mo’ljallangan «Buxoro» stadioni, «Semurg'» suv havzasi, «Olimpiya» sport majmui, turli darajadagi xalqaro musobaqalar o’tkaziladigan «Xumo» tennis korti mavjud. Buxoro viloyatida 44 bolalar va o’smirlar sport maktabida 27 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oladi (2001). Adabiyoti. Buxoro qadimdan shoir va ulamolar to’plangan eng yirik shaharlardan biridir. Unga «Qubbat ulislom», «Buxoroyi tarif» unvonlari berilgan. Buxoroda «Malik ulkalom» Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy yashab, ijod qildi. Narshaxiyshning «Buxoro tarixi» asarida go’zal she’riy parchalar mavjud. Bal’amiy Tabariyning «Ta’rix…» asarini Buxoroda fors tilida qaytadan yozgan. Ibn Sino buyuk qomusiy olim bo’lish bilan birga Arab va fors-tojik tillarida shs’riy asarlar yozgan. Buxorolik Daqiqiy Abu Mansur Muhammad Firdavsiyning ustozi bo’lib, «Shohnoma» dostonini dastlab u yoza boshlagan. Abu Mansur Saolibiy «Yatimat ud-dahr» tazkirasida 10-asrda poytaxt Buxoroda yashab Arab tilida ijod qilgan 25 shoir haqida qimmatli ma’lumotlar keltiradi. Uning yozishicha, «Buxoro Somoniylar hukmronligi davrida shonshuhrat makoni, saltanat Ka’basi va zamonasining ilg’or kishilari jamlangan, yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va o’z davrining Fozil kishilari yig’ilgan joy edi». Avfiy Buxoriy adib, tarjimon va tazkiranavis olim edi. U Turon adabiyotida tazkiranavislik janriga asos solgan. Sharofiddin Buxoriy (13— 14-asrlar) mashhur «Chor kitob»ni tuzgan shofirkonlik ulug’mutasavvuf shoirdir. Temuriylar sulolasi davrida Buxoroda Nosir Buxoriy, Ismat Buxoriy (1365-1426), Burunduq Buxoriy, Tohir Buxoriy, Xayoliy Buxoriy, Sayfiy Buxoriy (15-asr) kabi shoirlar yashab, devon tuzishgan. Ismat Buxoriy o’zbek, fors va Arab tillarida she’r yozish an’anasini Buxoroda boshlab berdi. «Ibrohim Adham» dostonini o’zbekchada bitdi. U temuriy Shahzoda Xalil Sultonning murabbiysi edi. Muhammad Solih Muhammad Shayboniyxonta bag’ishlangan O’zbekcha «Shayboniynoma» dostonini ezdi. Shayboniylar sulolasining vakillari bo’lgan Buxoro xonlari Muhammad Shayboniyxon «Shayboniy», Ubaydullaxon ibn Mahmud Sulton «Ubaydiy», Abdullaxon II «Xon» taxalluslari bilan she’r va dostonlar yozishdi, devon tuzishdi. Xususan, Ubaydullaxonning ijodi sermahsul bo’lib, u o’zbek, fors, Arab tillarida lirik g’azallar, masnaviy yo’lida so’fiyona mazmun bilan sug’orilgan risolalar yozgan. Hasanxo’ja Nisoriy «Muzakkiri ahbob» tazkirasida 16-asrda faqat Buxoroning o’zida yashab, ijod qilgan 110 nafar shoir va tarixchilarning nomlarini keltiradi. Ular orasida Mavlono Abdurahmon Mushfiqiy, Mavlono Majlisiy, Fazlulloh ibn Ro’zbehon Isfahoniy («Mehmonnomayi Buxoro» tarixiy asari va O’zbekcha she’rlari bor), Mavlono Naxliy (1549 1636; u Hofiz Tanish Buxoriy bo’lib, «Abdullanoma» — «Sharafnomai shohiy» tarixiy asarining muallifidir), Mavlono Xoja Muhammad Sadr (Afzaliy), Mavlono Foniy, Mavlono Qabuliy Buxoriy, Devona Husomiy (Husomiy Qorako’liy; 1442-1505), Sayd Podshohxo’ja bin Abdulvahhobxo’ja (Xoja), Mavlono Kasiriy, Mavlono Afsariy, Sayfiy Aruziy, Saqqo Buxoriy kabi mashhur shoirlar bor. Turdi Farog’iy, Buxoriy Naxliy, Shavkat Buxoriy (17-asr), Mulham Buxoriy, Voras, Saidkamol Fitrat (17— 18-asrlar), imlo Buxoriy, Abdullatif Kirom Buxoriy (18-asr) Ashtarxoniylar davridagi eng taniqli shoirlar edi. Buxoro viloyatida mashhur shoir Sayido Nasafiy (17-asr) yashab ijod qildi. Yirik faylasuf olim Muhammad Sharif Buxoriy (vafoti 1697) «Favoidi Hoqoniyya» (1643), Muhammad Yusuf Munshiy «Tarixi Muqimxoniy», Mir Muhammad Amir Buxoriy «Ubaydullanoma», Muhammad Amin ibn Muhammad zamon Buxoriy «Muhit attavorix» tarixiy asarlarini yozishdi. Mir Muhammad Amin Buxoriy Subxonqulixon (hukmronligi 1681 — 1702) va Ubaydullaxon II ibn Subxonqulixon (hukmronligi 1702— 1711) saroyida bosh munshiylik lavozimida xizmat qildi. Buxoro xoni Subxonqulixon «Nishoniy» taxallusi bilan she’rlar yozdi. Muhammad Vafoyi Karminagiy (1685-1769) «Tuhfat ulxoniy» («Xon tuhfasi») kitobining muallifidir. Shoir, tarixchi va munajjim Abdurahmon tole’ (18-asr) «Tarixi Abulfayzxon» asarini yaratdi. Muhammad Sharif Buxoro amirligi tarixiga oid «toj uttavorix» (1800) asarini yozdi. Buxoroda mang’itlar sulolasi davrida Mirzo Sodiq Munshiy, Mirzo Ato, Muhammad Nishotiy, Mujrim Obid, So’fixo’ja So’fiy, Bebok, Vozeh, Savdo (1824-73), Muztarib, Iso Maxdum Buxoriy (1827-88), Muhammad Siddiq Hayrat (1876-1902), Abdurahmon Tamkin (1851-1915), Mirzo Hayit Sahbo, Ahmad Donish, Ya’qub ibn Doniyol Buxoriy (1771-1831), Mulla Ibodulla va Mulla Muhammad Sharif (18— 19-asrlar), Muhammad Olim Buxoriy (19-asr), Mirzo Abdulazim Somiy Bo’stoniy kabi shoir va tarixchilar ijod qilishgan. Sadr Ziyo Sharifjon Maxdum (1867-1932), Mirzo Sirojiddin Hakim (1877-1912), Mulla Ikrom (Ikromcha domla) ham ularning munosib izdoshlari edi. Buxorolik Afzali Pirmastiy (vafoti 1915) «Afzal uttazkor» (1904) tazkirasida 19-asr oxiri — 20-asr boshida Buxoroda yashab o’tgan 135 ijodkor haqida ma’lumot beradi. Jadid adabiyotining tamal toshini qo’yganlar safida buxorolik Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy bor. Abdulvohid Burhonov «Munzim» taxallusi bilan she’rlar yozgan. 20-asrda Buxoroda o’ziga xos adabiy muhit shakllandi. Sulton Jo’ra (1910— 43), Muhammadjon Rahimiy (1901-67), Jalol Ikromiy, Toshpo’lat Hamid (1927-84), Sa’dulla Karomatov, Nemat Aminov, Jamol Kamol, Omon Muxtor, Oydin Hojiyeva, Toshpo’lat Ahmad kabi shoir va adiblar sho’rolar rejimi davrida xam badiiy jihatdan pishiq asarlar yaratishdi. Bugungi o’zbek adabiyotining taraqqiyotida Gulchehra Jo’rayeva, Usmon Qo’chqor, Sadriddin Salimov, Tilak Jo’ra, Norto’xta Qilich, Safar Barnoyev, Yusuf Jumayev, Halima Ahmedova, Ahad Hasan, Vafo Fayzullo, Sulaymon Rahmon, Chorsha’m Ro’zi kabi shoir va yozuvchilarning o’ziga xos hissasi bor. Mustaqillik davrida buxorolik ijodkorlar o’z salaflarining an’analariga sodiq qolgan holda o’zbek, tojik, rus tillarida samarali ijod qilishmoqda. Buxoro viloyatida O’zbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, me’morlar, jurnalistlar va boshqalar) ning viloyat sho’balari faoliyat ko’rsatmoqda. Matbuoti, radnoeshittirishi va televideniyesi. Buxoro viloyatida 2 viloyat gazeta («Buxoronoma», «Buxarskiy vestnik»), 11 tuman gazeta, 2 shahar gazeta chiqadi. Viloyatda, shuningdek 9 tarmoq gazeta nashr etiladi. Buxoro viloyatida dastlabki radio eshittirishlari 1922 yildan boshlagan. O’sha davrdan radio ijtimoiy-siyosiy hayotga doyr mazmunli eshittirishlari bilan e’tibor qozonmoqda. Buxoro viloyati radiosi oyiga 30 soatlik hajmda eshittirishlar beradi (2001). 1924 yilda Turkistondagi dastlabki kino tashkiloti Buxoroda tuzildi. 1993 yildan Buxoro viloyati televideniesi faoliyat ko’rsatmoqda. Studiya uchun maxsus bino kurilgan. Bir oylik ko’rsatuvlar vaqgi 30 soatdan ortadi. Buxoroda «Istiqlol» xususiy televideniesi tashkil ztilgan (1995). Buxoro viloyati G’ijduvon shla «Ark» xususiy televideniyesi ham bor. Me’moriy yodgorliklari. Buxoro viloyati qadimiy davr, ilk va o’rta asrlarda qurilgan me’moriy yodgorliklarga juda boy. Hozirgi vaqtda Buxoro davlat me’moriy-badiiy muzey qo’rikxonasi hisobida 997 tarixiy yodgorliklar mavjud. Turondagi eng qadimgi yodgorliklardan biri sanalgan Buxoro hukmdorlarining qarorgohi — Buxoro arki (miloddan avvalgi 1-asr) bugungi kungacha saqlangan. Shahar yonidagi Fathobodda Sayfiddin Boharziy maqbarasi (13- asr), Bayonqulixon maqbarasi (14-asr), Buxoro tumanidagi Sumiton qishlog’ida Chorbakr ansambli (16-asr), Hazrat bobo masjidi (18-asr), amirning yozgi qarorgohi — Sitorai Mohi Xosa saroyi (19-20-asrlar), Vobkent tumanida Vobkent minorasi (12-asr), Chashmai Ayyub hazirasi (1208), Xoja Mahmud Anjir Fag’naviy maqbarasi (13-asr), Abdurahmon Vali maqbarasi (14-asr), Vobkent hammomi (16-17-asrlar), Toshmasjid (16-17-asrlar), So’fidehqon xonaqosi (17-18-asrlar), Jondor tumanida Varaxsha shahri xarobalari (7-asr), Mahmud Torobiy dahmasi (13- asr), Qizbibi majmuasi (15-asr), Kogon tumanidagi qasri Orifonda Hazrat Bahouddin majmuasi, Abdulazizxon honaqosi va Dahmai Shohon (14-16-asrlar), Hazrat Mir Kulol maqbarasi (14- asr), Kogon shahrida temiryo’lchilar (sobiq Amir) saroyi (19-20-asrlar), Peshku tumanida Xo’jam bandi kushod va Xo’jam Sayd Po’lat maqbaralari (18-19-asrlar), Romitan tumanida Xoja Ali Rometaniy — Xojai Azizon va Xoja Muhammad Boboyi Samosiy maqbaralari (14-asr), Mulla Mir Hakim xonaqosi, Shofirkon tumanida Vardonze shahri yodgorligi (6— 7-asrlar), hazor Nur daxmasi (8-asr), Xoja Orif Revgariy — Mohitobon maqbarasi (13-asr), Qorovulbozor tumanida Bo’zachi va Qorovulbozor sardobalari (17-asr), Qorako’l tumanida Poykend shahri xarobalari (8-asr). Shoburxon ota maqbarasi va masjidi, G’ijduvon tumanida Hazrat Abduxoliq G’ijduvoniy — Xojai Jahon (12-asr) masjidi va maqbarasi, Ulug’bek madrasasi (15-asr), Toshmasjid va Dehqonbobo xonaqosi (15-16-asrlar), Xoja Soktare masjidi (17-asr), Chorsu masjidi (18— 19-asrlar) kabi noyob me’moriy obidalar saqlangan. Shuningdek, Buxoro vohasida Raboti Malik karvonsaroyi va Malik sardobasi (11-asr), Karmana shahrida Mirsaid Bahrom maqbarasi (10-11-asrlar), Qosim Shayx xonaqosi (16-asr) mavjud. Bu tarixiy yodgorliklarda Sharq me’morlik an’analari o’zaro uyg’unlashib ketgan. O’zbek xalqi tomonidan ikki ming yil mobaynida bunyod qilingan bu obidalar ajdodlarimizning boy iste’dodi va badiiy mahoratidan, katta yaratuvchilik qudratidan dalolat beradi. Ad.: Buxoro Sharq durdonasi (o’zbek, frantsuz, ingliz, rus tillarida), T., 1997; insoniyatning ilmiy va madaniy merosi — uchinchi ming yillikka (1997 yil 18-20 oktabr Buxoro—Xiva), T., 1997; Moziydan taralgan ziyo. Imom al Buxoriy (o’zbek, Arab, rus tillarida), T., 1998; Buxoriylar bo’stoni, T., 1998; Muhammad Yusuf Munshiy, Mukimxanskaya istoriya, T., 1956; Chexovich O.D., Buxarskie dokumenti XIV vv., T., 1965; Abu Mansur assaolibiy, Yatimat addahr, T., 1976; Maxmud ibn Vali, More tayn, T., 1977; Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993; Buxoro: tarix sahifalari, Buxoro, 1998; O’zbekistonning yangi tarixi, 2kitob. O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, T., 2000; O’zbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1qism, T., 2000. Isroil Nazarov, Qahramon Rajabov.