BUXORO KANDAKORLIK MAKTABI

BUXORO KANDAKORLIK MAKTABI — kandakorlik san’atidagi o’ziga xos uslub. 19-asrda shakllangan. Buxoro kandakorlik buyumlari shakli sodda, xushbichimligi, naqshlari esa murakkab va nafisligi bilan ajralib turadi. Ko’kon kandakorlik maktabi yaratgan san’at asarlariga qaraganda Buxoro kandakorlik maktabi badiiy buyumlarining naqshlari bir oz yirikroq bo’lib, asosan me’moriy obidalar tasvirlari aks ettirilgan. «Mehrob», «Madohil», «Xisht», «Nimxisht» va boshqa naqsh elementlaridan foydalanib, islimiy naqshlar chizilgan. Buyumlarga kesma usulida zarb berilgan. 19-asr —20-asr boshida bezak mujassamotida yozuvnaqsh (husnixat) keng o’rin oldi, yozuvlar o’simliksimon naqshlarga o’xshatib zarb qilindi. Buxoro kandakorlik maktabi vakillari: Shodi Muhammad (18-asr), Hakim Buxoriy (19- asr), Olim Abdusalomov, G’ulom Hasanov, Olloyor Yo’ldoshev (20 asr boshlari) va boshqalar, 20-asrda Muxtor Muhsimov, Muqaddam Mukarramov, Abdusalom Hamidov, Usta Salim kabilar bu san’at rivojiga katta hissa qo’shdilar. 1968 yilda tashkil etilgan kandakorlik tsexlarida mehnat qilayotgan kandakorlar qadimiy san’atni o’zlashtirib, Buxoro kandakorlik maktabi an’analarini rivojlantirmoqda.