BUXORO XONLIGI

BUXORO XONLIGI (amirligi) — o’zbek davlatchiligi tizimidagi xonliklardan biri (16-20-asr boshlari). 1533 yilgacha mamlakat markazi Samarqand bo’lgan. Ubaydullaxon davrida (1533-39) poytaxt Buxoroga ko’chirilgan va xonlik Buxoro xonligi nomini olgan. 1510 yil Marv yonida Shayboniyxon shoh Ismoil I Safaviy qo’shinlaridan yengilib halok bo’lgandan keyin Movarounnaxr temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur qo’liga o’tadi. Lekin, ko’p o’tmay Shayboniylar yana Movarounnahrni egallaganlar. Shu vaqtdan boshlab Movarounnahr butunlay shayboniylarga tobe bo’lgan. O’sha vaqtlarda xonlikka hozirgi O’zbekiston va Tojikistonning katta qismi, Balx va Badaxshon kirgan. Ubaydullaxon vafotidan keyin Buxoro xonligi mayda bo’laklarga bo’linib ketgan. Buxoroda Ubaydullaxonning o’g’li Abdulazizxon, Samarqandda esa Ko’chkunchixonning o’g’li Abdullatifxon mustaqillik e’lon qilgan. Balx va Badaxshonda shayboniylardan Pirmuhammadxon mustaqil hukmronlik qilgan. Shu yillari Shayboniy sultonlari va mahalliy mulqdorlarning hokimiyat uchun kurashi kuchaygan. Toshkent va Turkistonda Navro’z Ahmadxon (Baroqxon), Karmana va Miyonqolda Iskandarxon, Balxda Pirmuhammadxon va boshqa kichik-kichik hukmdorlar mustaqil bo’lib olganlar. 1551-56 yillarda Shayboniylar o’rtasidagi Movarounnahr uchun kurashda Iskandarxonning o’g’li Abdullaxon g’olib chiqib, Buxoro xonligida o’z hokimiyatini o’rnatgan. 1557 yildan boshlab Buxoro uzil-kesil xonlik poytaxtiga aylangan. Iskandarxon (1563-83) va uning o’g’li Abdullaxon II davrida Buxoro xonligining siyosiy mavqei ortgan. Abdullaxon II Balx (1573), Samarqand (1578), Toshkent (1582), Farg’ona (1583), Badaxshon (1584), Ko’lob (1585), Xuroson (1588), Xorazm (1595-96) ustidan o’z hukmronligini o’rnatgan; Markaziy davlat boshqaruv devonini mustahkamlagan. Shunday qilib 16-asr oxiriga kelib Buxoro xonligi markazlashgan ulkan davlatga aylangan. Sharqda Qashqar bilan chegaradosh bo’lgan, g’arbiy chekkasi Orol va Kaspiy dengizi sohillarigacha borib tutashgan. Xonlikning shimoldagi chegaralari Turkiston va Sayramgacha etib, Janubda Xurosonning Sharqiy qismini o’z ichiga olgan. Shayboniylar hukmronligi yillarida, ayniqsa Abdullaxon II zamonida Buxoro xonligida dehqonchilik, hunarmandchilik, savdosotiq rivojlangan, madaniy hayot ancha yuksalgan. Juda kup sug’orish inshootlari: Abdullaxon bandi, Tuyatortar kanali, Oqchopsoy to’g’oni va suv ombori, Vaxshdan chiqarilgan ko’plab ariqdarning qurilishi dehqonchilikni rivojlantirdi. Bu vaqtlarda Buxoro xonligida bug’doyning 10 xil turi, suli, qo’noq, jo’xori, mosh, no’xat, makkajo’xori, loviya, sholi, paxta, kunjut, beda, arpa, sabzavot va poliz ekinlari ekilgan, bog’dorchilik, chorvachilik va ipakchilik rivojlangan. Samarqand, Buxoro, Marg’ilon, Xo’jand, Andijon, Toshkent, Jizzax, O’ratepa, Shaxrisabz va boshqa yirik shaharlarda hunarmandchilik taraqqiy qilgan. Samarqand qozi kalonining hujjatlaridan ma’lum bo’lishicha, 16-asrda Samarqandda hunarning 61 turi mavjud bo’lgan. Movarounnahrlik kosiblar zo’r san’at bilan turli-tuman metall buyumlar, ip va ipak matolar, a’lo navli qog’ozlar ishlab chiqarganlar. Buxoro shahri bir muncha kengaytirilgan, devor va harbiy istehkomlar qaytadan qurilgan. Shaharda madrasalar, xonaqoh va karvonsaroylar, yangi rastalar barpo qilingan. Shaharlar o’rtasidagi savdo yo’llarida Tim (Abdullaxon TIMI), ko’chalar chorrahasi ustiga gumbaztoqlar, hammomlar, karvon yo’llarida sardobalar, karvonsaroylar, ko’priklar qurilgan. Shayboniylar zamonida Buxoro xonligining Hindiston, Turkiya, Rossiya bilan savdo va diplomatik munosabatlari rivojlangan. Tarixiy manbalardan ma’lum bo’lishicha, 1572-78 yillari Hindistonda Buxoro xonining elchilari, Buxoroda esa Hindiston podshohi Akbarntt elchilari bo’lgan. Abdullaxon davrida boshlangan ichki siyosiy nizolar natijasida 1598 yilda Abdullaxonning o’zi va shu yilda uning o’g’li Abdulmo’min o’ldirilgan. Taxtga Pirmuhammadxon II chiqqan. Ammo uning hukmronligi ham uzoqqa bormay, 1601 yil taxtdan ag’darilgan. Shu bilan qariyb 100 yil hukm surgan Shayboniylar sulolasi barham topib, Movarounnaxrda Jo’jixon naslidan bo’lgan ashtarxonjlar (Joniylar) sulolasi hukmronligi boshlangan. Ashtarxoniylar davrida xonlikda siyosiy nizo va beboshliklar deyarli to’xtamagan. Dastlab asli ashtarxonlik, Buxoroda qo’nim topgan Shahzoda Jonibekning o’g’li Boqi Muhammad (1601— 05), so’ngra uning ukasi Vali Muhammad (1605-11) taxtga o’tqazilgan. Imomqulixon davrida (1611-42) qozoq biylari va boshqa ko’chmanchilarning Buxoro xonligi yerlariga talonchilik yurishlari kuchaygan. Chunonchi Imomqulixon 1612 yil Toshkentni egallab, o’g’li Iskandarni hokim etib tayinlaydi, ammo shaharda qo’zg’olon ko’tarilib Iskandar o’ldiriladi. Imomqulixon Toshkent aholisini shafqatsiz qirg’in qilib shaharni yana xonlikka qo’shib oladi. Uning davrida xonlik ancha mustahkamlanadi. Imomqulixon ko’r bo’lib qolgach, taxtni egallagan ukasi Nadr Muhammadxon (1642-45) ham shafqatsizligi va zolimligi bilan norozilik chiqaradi. Natijada muxolif kuchlar tazyiqi bilan taxtdan voz kechadi. Hokimiyat uning o’g’li Abdulaziz II (1645— 81) qo’liga o’tadi. U Markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qiladi, lekin tobora kuchayib borayotgan tarqoqlikni bartaraf qilolmaydi. Bu vaqtda Eron shohi Abbos Balxni egallaydi, keyinroq Balx Erondan qaytarib olingan. Abdulaziz II bilan uning ukasi Subhonqulixon o’rtasida hokimiyat uchun kurash boshlanadi. Ashtarxoniylar hukmronligi yillarida Xiva xoni Abulg’oziy Bahodirxon va undan keyin o’g’li Anushaxon Buxoro va Samarqand atrofiga tez-tez hujum qilib turgan. Taxtni egallab olgan Subhonqulixon (1681 — 1702) o’z raqiblariga qarshi shafqatsiz kurashgan. U Balx va Xurosonga harbiy yurishlar qilgan. Uning o’g’li Ubaydullaxon (1702-11) hukmronligi davrida Balx, Termiz, Shahrisabz hokimlari mustaqil bo’lib olishga harakat qilganlar. Xon ularga qarshi harbiy yurishlar qilishga majbur bo’lgan. Samarqand va Hisorda bosh ko’targan qabilalarga qarshi qo’shin yuborgan. O’zaro beto’xtov urushlar, harbiy yurishlardan keyin xazina bo’shab, iqtisodiy ahvol mushkullashgan. 1708— 09 yillarda o’tkazilgan pul islohoti natijasida pul qiymati to’rt marta tushib ketgan. Islohotdan zarar ko’rgan aholi g’alayon ko’targan, biroq qo’zg’olon shafqatsizlarcha bostirilgan. Xonlikda siyosiy va iqtisodiy ahvolning yomonlashishi ichki ziddiyatlarni kuchaytirib yuboradi. Ayrim nufuzli amirlar uyushtirgan fitna natijasida Ubaydullaxon 1711 yilda o’ldiriladi. Taxtga marhum xonning ukasi Abulfayzxon (1711-47) nomigagina xon qilib o’tqaziladi. Hokimiyatdagi muhim lavozimlar nufuzli amirlar qo’liga o’tib qoladi. Markaziy hokimiyat zaiflashgach, 1711 yilda Balx, 1723 yilda Samarqand viloyati Buxoro xonligidan ajralib chiqadi. 1720 yillarda Toshkent viloyatini qalmoqlar bosib oladi. Shu asnoda Xiva xoni Sherg’ozixon ham Buxoro xonligiga da’vogar bo’ladi, ammo uning harakatlari samarasiz yakunlanadi. 1723 yilda qalmoqlar qozoq dashtlariga bostirib kirib qozoqlarni Movarounnahrga qochishga majbur qilgan. Qozoqlar chorva mollari bilan Zarafshon vodiysiga kirib bog’ va ekinzorlarni payhon qilganlar. Buxoro xonligida iqtisodiy va siyosiy tanglik kuchaya borib xonlik tanazzulga yuz tutgan. Movarounnahr parchalanib, uchta xonlikka (Buxoro, Qo’qon va Xiva) bo’linib ketgan. Bundan foydalangan Eron hukmdori Nodirshox 1740 yil bahorida Balxni egalladi va o’sha yili kuzda katta qo’shin bilan Amudaryodan o’tib Buxoro xonligini bo’ysundiradi. U Mang’it qabilasidan bo’lgan Muhammad Hakim otaliqni ishonchli vakili sifatida taxtga o’tqazadi. Abulfayzxonning nufuzi pasayib ketadi. Xonlik Nodirshohning o’limidan keyin (1747) Eronga tobelikdan qutulib, o’z mustaqilligini tikladi. 1747 yilda otasi o’rniga otaliq tayinlangan Muhammad Rahim boshliq fitnachilar Abulfayzxonni o’ldirdilar. Bundan norozi bo’lgan viloyat hokimlari isyon ko’tardilar. Qo’zg’olonlar shafqatsiz bostirilgach, Muhammad Rahim arkoni davlat va ruhoniylar fatvosi bilan 1753 yilda Buxoro taxtini egalladi va o’zini «Amir» deb e’lon qildi. Shundan keyin Ashtarxoniylar sulolasi barham topib mang’itlar sulolasi hukmronligi boshlandi. Buxoro amirligi. Muhammad Rahim vaqtida (1753-58) Buxoro amirligiga qarashli yerlar ancha qisqargan. Uning tarkibiga Buxoro, Samarqand, Miyonqol, Karmana, Qarshi, G’uzor, Karki, Chorjo’y, Shahrisabz viloyatlari kirib, Toshkent va Farg’ona viloyatlari xonlik tasarrufidan chiqib ketgan. Doniyolbiy otaliq vaqtida (1758-85) ham o’zaro urushlar davom etib, Karmana, O’ratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa joylarda mahalliy kuchlar bosh ko’tarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qilganlar. Doniyolbiyning katta o’g’li Shohmurod hukmronligi davri (1785— 1800)da Doniyolbiy joriy etgan soliqlardan bir qanchasi bekor qilindi, iqtisodiy hayot birmuncha yaxshilandi. Ruhoniylarning mavqei oshdi. Mang’itlar sulolasi Markaziy hokimiyatni mustahkamlashga qanchalik urinmasin, viloyat hokimlarining mustaqillikka intilishi davom etaverdi. Ayniqsa Buxoroga muxolif bo’lgan Shahrisabz va kitob beklari bilan kurash shiddatli bo’ddi. Faqat 1853 yildagina bu bekliklarni Buxoroga bo’ysundirishga muvaffaq bo’lindi. Amir Haydar davri (1800-26) ham ichki va tashki urushlardan xoli bo’lmadi. Ayniqsa O’ratepa bir necha marta qo’ldanqo’lga o’tib turdi. 19-asr 1 choragida Buxoro bilan Xiva va Qo’qon xonliklari o’rtasida O’rta Osiyoda ustunlikka erishish uchun qirg’in barot va talon taroj urushlari bo’ldi. Toshkent, Turkiston, Chimkent va ularning atrofi Qo’qon xonligi tasarrufiga o’tdi. 1825 yilda Xiva xonligi Buxoroga qarashli Marvni egalladi. To’xtovsiz urushlar, soliqlar miqdorining ortishi qo’zg’olonlarga, jumladan 1821— 25 yillarda Buxoro va Samarqand oralig’ida istiqomat qiluvchi xitoy qipchoq qabilalari qo’zg’oloniga sabab bo’ldi. Amir Haydarning vorisi Nasrullaxon (1827-60) amirlik yerlarini kengaytirishga muvaffaq bo’ldi. U taxtga da’vogar bo’lish mumkin bo’lgan barcha shaxslarni qirib tashladi. Nasrullaxon 1839, 1841 va 1858 yillarda Qo’qon xonligiga bostirib kelib, aholini qirg’in qildi va boyliklarini taladi. 1842 va 1843 yillarda Buxoro bilan Xiva xonliklari o’rtasida harbiy to’qnashuvlar bo’ldi. Podsho Rossiyasi O’rta Osiyoni mol sotish bozori, xom ashyo manbai deb bilar edi. 1866 yil rus qo’shinlari Buxoro amirligi chegaralariga bostirib kirdi va Xo’jand (24 may), O’ratepa (2 oktabr), Jizzax (18 oktabr) shaharlarini ishg’ol qildi. Istilo etilgan yerlarni boshqarish uchun 1867 yil Turkiston general-gubernatorligi tashkil etildi. 1868 yil 2 may kuni general Kaufman boshchiligidagi rus qo’shinlari Samarqandni ishg’ol qildi. Iyun oyida Buxoro amiri Muzaffar qo’shinlariga Zirabuloq yaqinida so’nggi qat’iy zarba beriddi. Amir general gubernatorga murojaat qilib, sulh tuzishni so’radi. 1868 yil 23 iyunida ikki o’rtada shartnoma imzolandi. Rus qo’shinlari bosib olgan yerlar podsho Rossiyasi ixtiyoriga o’tdi; Buxoro amirligi mustaqil tashqi siyosat yurgizishdan mahrum bo’ldi; Amir rus podshosiga 500 ming so’m tovon to’ladi. 1873 yil 28 sentabrda mazkur shartnomaga qo’shimchalar kiritilib, amirlikning Rossiyaga qaramligi yanada kuchaydi. Natijada amirlik yerlarining uchdan bir qismi podsho Rossiyasi ixtiyoriga o’tdi; Xo’jand, O’ratepa, Panjikent, Samarqand va Kattaqo’rg’on shaharlaridan tortib Zirabuloqqacha bo’lgan yerlar, Sharqiy Buxoroda esa Shug’non, Vohon, Ro’shon viloyatlari, ayniqsa Zarafshon daryosi yuqori havzasining qo’ldan ketishi amirlikdagi xalqlarni asosiy hayot manbai — suvdan mahrum etdi, bu hol Buxoro amirligini Rossiyaga iqtisodiy jihatdan qaramligini yanada oshirdi. Buxoro amiri huquqiy jihatdan mustaqil hukmdor sanalsa ham, haqiqatda rus podshosiga qaram edi. Amir va uning amaldorlariga qarshi xalq harakatlari podsho Rossiyasi qo’shinlari yordamida bostirilar edi. Amir Abdulaxad rus podshosining general ad’yutanti hisoblangan. Uning davrida rus ma’murlari amirlikda katta imtiyozlarga ega bo’lgan. Amirlik yerlaridan o’tgan temir yo’l bo’ylariga rus aholisi keltirilib joylashtirildi. Buxoro Afg’oniston chegarasining muhofazasi bilan ham rus qo’shinlari shug’ullangan. Buxoro amirligining podsho Rossiyasiga tobeligi Amir Olimxon zamonida (1910-20) yanada ortdi. Amirlikda yettita rus xususiy bankining shu’basi ish olib borardi. 1-jahon urushi boshlanishi bilan amirlik aholisining ahvoli yanada og’irlashdi. Xuddi shu davrga kelib jadidlik harakati asosida yosh buxoroliklar partiyasi faoliyati kuchaydi. 1917 yil Fevral inqilobi munosabati bilan bu partiya amirlikni podsho Rossiyasi bo’yinturug’idan qutqazish, ba’zi islohotlar o’tkazish ishiga kirishdi. Yosh buxoroliklar rus bolsheviklari bilan hamkorlikda 1918 yil martida Amir hukumatini ag’darishga urindilar. Ammo bu harakat muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1920 yil 2 sentabrda Buxoro bosqini natijasida amirlik tugatildi. Buxoro xonligida davlatni boshqarish boshqa xonliklardan deyarli farq qilmagan. 16-17-asrlarda otaliq lavozimidagi shaxs xonning o’ng qo’li hisoblanib, u butun mamlakatni boshqargan. Naqib harbiy ishlar va tashqi siyosat bilan shug’ullangan. Vaqf yerlarni nazorat qilish sadrlar zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, qo’shin uchun alohida qozi (qoziaskar) tayinlangan. Qonunshunoslikka va umuman shariatga doir muhim masalani yechish va hayotga tatbiq etish alam zimmasida bo’lgan. Devonbegi otaliq mansabidan keyin turgan. U urush va sulh ishlari, ayrim viloyat boshliqlarini tayinlash va boshqa masalalar bilan shug’ullangan. Larvonachi xon yorliqlarini topshirish va harbiy qismlarga boshchilik qilish kabi vazifalarni ado etgan. Shuningdek, xonlikda yasovul, eshikog’aboshi, miroxur, shig’ovul, amiri lashkar, to’pchiboshi, mirzaboshi, xazinachi, mehtar, mirob, Kushbegi va boshqa lavozimlar bor edi. Mang’itlar sulolasi davrida ham mustabid hokimiyat shakli mavjud bo’lib, Amir huquqi chegaralanmagan oliy hukmdor edi. Ijro etuvchi hokimiyatni bosh vazir — qushbegi boshqargan. U xon bilan bamaslahat ish yuritgan. Jamiyat hayoti shariat qonunlariga asoslangan. Mamlakat murakkab davlat apparati orqali idora qilingan. Masalan, moliya ishlari devonbegiyi kalonga, davlat xavfsizligi ko’kaltoshga, ichki tartibni saqlash va nazorat qilib turish raisga topshirilgan. Buxoro qozi kaloni huzurida a’lam va 12 muftiyayan iborat rivoyatlar tuzuvchi muftiylar devoni bo’lgan. Amirlikda musulmon ruhoniylari yuqori mavqega ega edi. Ular katta yerlarga egalik qilardi. Shayxulislom bosh ruhoniy va Adliya ishlarining sardori hisoblangan. U jamiyat ma’naviy hayotini boshqargan. Sud hokimiyati ruhoniylar qo’lida bo’lgan. Barcha qozilar qozi kalonga bo’ysungan. Davlat boshqaruvida u yoki bu lavozim vazifasiga qarab o’zgarib turgan. Xonlikda o’rtaasrchilik boshqaruv tizimining uzoq saqlanishi taraqqiyot va qo’shin kuchqudratiga salbiy ta’sir ko’rsatgan. Qo’shinda dastlab misdan, 19-asr boshlarida cho’yandan qo’yilgan bir necha to’p bo’lgan. Sarbozlar o’q-yoy, nayza, qilich, oybolta kabi ibtidoiy qurollar bilan qurollangan. Xonlikda qo’shin asosan otliqlardan tashkil topgan. 18-asr oxiridagi ma’lumotga ko’ra, xon 10 ming kishilik qo’shin to’plash imkoniga ega bo’lgan. 19-asr 30-yillarida yollanma askarlar soni 19 ming kishi bo’lib, ular xizmatini turli shahar va harbiy istehkomlarda o’taganlar. 19-asr o’rtalarida harbiy qismlar, shuningdek to’p va miltiqlar soni ortgan. Umumiy qo’mondonlik amiri lashkar zimmasida bo’lgan. Umuman xonlikda qo’shin har jihatdan zamon talabidan ancha orqada edi. Mamlakat iqtisodiy hayotida dehqonchilik, xunarmandchilik, ichki va tashqi savdo asosiy o’rinni egallagan. Ichki nizolar bo’lib turishiga qaramay iqtisodiyotning bu sohalari rivojlanishda davom etdi. Dehqonchilik sug’orish bilan bevosita bog’liq bo’lgan. Sug’orish tarmoqlari Zarafshon va Amudaryodan chiqarilgan. Abdullaxon II ning 1583 yilda Nurota tog’lari shimol yon bag’irlaridagi eski Oqchob qishlog’i yaqinida qurdirgan suv ombori qoddiqlari hozirgacha saqlangan. Shuningdek, Zarafshon daryosida puli Karmana, puli Mehtar Qosim va puli Chahorminor kabi suv taqsimlagichlar qurilgan. Zarafshondan Jizzaxga Tuyatortar arig’i chiqarilgan. Sug’orish tarmoqlari Amir Shohmurod va Amir Haydar davrlarida ham ancha ko’paydi, ko’chmanchilarning o’troqlashuvi kuchaydi. Xonlikda yer egaligining asosan 3 turi — amlok (Amir.boshchiligidagi mulkdorlar guruhi ixtiyoridagi yerlar), mulk (xususiy yer egalariga qarashli) va vaqf (musulmon ruhrniylari, madrasa, masjid va mozorlarga qarashli) yerlari mavjud bo’lgan. Xonlikda dehqonlar yerni asosan, ijaraga olib ishlar edi. Soliq turi va to’lovlarning ko’pligidan, begor majburiyatidan bezor bo’lgan mehnatkash xalq tez-tez g’alayon qilib turardi. Dehqonchilikda asosan g’alla, paxta ekilgan. Ipakchilik ko’proq Zarafshon vodiysida rivojlaigan. Chorvachilikda ot, tuya, qoramol, qo’y boqilgan. Hunarmandchilikning ko’p turlari ravnaq topgan. Xususan, to’qimachilik, tikuvchilik, misgarlik, zargarlik buyumlari xonlikdan tashqarida ham xaridorgir bo’lgan. Shahar va yirik qishloqlar aholisining talay qismini hunarmandlar tashkil etar edi. To’qimachilik mahsulotlari Yaqin Sharq (masalan, Zandana qishlog’ida to’qilgan zandaniychi matosi butun Sharqda mashhur bo’lgan) mamlakatlariga chiqarilgan. Hayotni tebratuvchi bu ikki yo’nalish ichki va tashqi savdo takdirini ham belgilagan. Dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlari ichki va tashqi bozor talablarini qondirib turgan. Xonliklar o’rtasida savdo uzluksiz davom etgan. Ayniqsa Buxoro shahri O’rta Osiyoning eng yirik savdo markazi sifatida mashhur bo’lib, ko’plab karvonsaroylarga va savdo rastalariga ega bo’lgan. Buxoro Islom dini markazlaridan biri sifatida mashhur edi: Abdulazizxon va Abdullaxon saroyida badiiy bezakli Nodir asarlar to’plangan kutubxona mavjud bo’lgan. Bu yerda mohir xattotlar va miniatyurachi rassomlar ishlab, qo’lyozma, adabiyot, tarix va boshqa fanlar sohasida yaratilgan asarlarni ko’chirish, bezash va kitob holiga keltirish bilan mashg’ul bo’lganlar. Madaniyati. Shayboniylar davrida, ayniqsa ulardan Ubaydullaxon va Abdullaxon II hukmronlik qilgan yillarda Buxoro xonligi iqtisodiy va madaniy hayotida birmuncha o’zgarishlar ro’y berdi. Hunarmandchilik taraqqiy etdi: temir va cho’yan quyish, qurol yarog’, mis va jez idishlar yasash, to’qimachilik, qog’oz, sovun ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Adabiyot, tarix, tarjimonlik, lug’atchilik, me’morlik, naqqoshlik, tasviriy san’at va boshqalar ravnaq topdi: «Muzakkir ulahbob» (Hasanxoja Nisoriy), «Tazkirat ushshuaro» (Mutribiy), «Shayboniynoma» (Muhammad Solih), «Zubdat ulasror» (Abdulla ibn Muhammad), «Abdullanoma» (Hofiz Tanish Buxoriy), «Badoe’ulvaqoe'» (Zayniddin Vosifiy) kabi yirik adabiy va tarixiy asarlar yaratildi, lug’atlar tuzildi (Amin Ahmad Roziy — «Haft iklim» va boshqalar), Rashiduddin Fazlulloh («Jome’attavorix») va Sharafiddin Ali Yazdiy («Zafarnoma»)ning tarixiy asarlari o’zbek tiliga tarjima qilindi. Musiqa, xattotlik (Kavkabiy Najmiddin Buxoriy, Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniy, Mir Husayn alHusayniy, Sulton Ali Mashhadiy, Do’stmuhammad Buxoriy, Mahmud ibn Ishoq ashshihobiy va boshqalar) yuqori darajada rivojlandi. Tasviriy san’at yuksalib, Buxoro miniatyura maktabi vujudga keldi. Kutubxonachilik (Abdulazizxon, Abdullaxon II kutubxonalari va boshqalar), kitob bezash va muqovachilik rivojlandi. Tibbiyot ilmi taraqqiy etdi (Muhammad Husayn ibn almiroqiy Samarqandiy, Shoh Ali ibn Sulaymon, Sulton Ali va boshqalar), yirik shaharlarda shifoxona (dor ushshifo)lar tashkil qilindi. Bu davrda me’morlik yuksak darajaga ko’tarildi — Shayboniyxon madrasasi, Mir Arab madrasasi, Abdullaxon madrasasi, Ko’kaldosh madrasasi va boshqalar, Masjidi Kalon va boshqalar. Govkushon majmuasi va boshqa karvonsaroylar, TIMI Kalon va boshqa rastalar, Abdullaxon bandi, Zarafshon suv ayirg’ichi va boshqa ko’prik va suv omborlari qurildi, ariq, kanallar qazildi, Sardoba va hammomlar solindi, Buxoro shahri yangi mudofaa devori bilan o’raldi. Qabr toshi (Shayboniyxon, Abusaidxon qabr toshlari va boshqalar) yasash badiiy darajaga yetdi. Ta’lim-tarbiyaga e’tibor kuchaydi, har bir mahallada maktab ochildi, ba’zi xonadonlarda uy ta’limi joriy etildi. Bolalar olti yoshdan o’qishga qabul qilinadigan bo’ldi. Madrasalarda ilohiyotdan tashqari riyoziyot, faroiz, handasa, fiqh, she’r san’ati, mantiq, musiqa, xattotlik va boshqa fanlar o’qitildi. Ashtarxoniylar davridagi muttasil urush harakatlari madaniy hayot taraqqiyotiga katta to’sqin bo’ldi. Diniy zo’ravonlik kuchaydi, dunyoviy fanlar o’rnini islom aqidalari egallay boshladi. Lekin shunga qaramay adabiyot, san’at va boshqa sohalarda bir qancha iste’dodli olimlar (musiqada Darvishali Changiy va boshqalar) etishib chiqdi. Adabiy, tarixiy asarlar — «Hayvonnoma» (Sayd Nasafiy). «Bahr ulasror» (Mahmud ibn Vali), «Ubaydullanoma» (Muhammad Amin Buxoriy), «Tarixi Abulfayzxon» (Abdurrahmontole’), «Muhituttavorix» (Muhammadamin ibn Muhammadzamon Buxoriy), «Subhonqulixon to’g’risida hajviya» (turdi) va boshqalar. Tibbiyot va me’morlik bir oz taraqqiy etdi: ashtarxoniylardan Subhonqulixon Buxoroda maxsus shifoxona hamda tibbiyot kutubxonasi qurdirdi. Hashamatli binolar (Sherdor madrasasi, Tillakori madrasasi, Abdulazizxon madrasasi, Nodir devonbegi madrasasi, Bolohovuz masjidi va boshqalar) bunyod etildi. Maktab va madrasalarda asosan diniy fanlar, qisman adabiyot (Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Bedil va boshqalar) o’qitildi. Mang’itlar hukmronligi davrida madaniy hayot past darajada bo’lib, hukmron tabaqalar xalqni jaholatda saqlashga harakat qilar, badiiy ijodda madhiyabozlik va tarkidunyochilik mavzui hukmron edi. 18-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida «Tuhfai Xoniy» (Muhammad Vafo Karminagiy), «Toj uttavorix» (Muhammad Sharif), «Fathnomai sultoniy» (Muhammad Mirolim Buxoriy), «Mang’it xonlari tarixi» (Mirzo Abdulazim Somiy), «Navodir ulvaqoe'», «tarjimai ahvoli amironi Buxoro» (Ahmad Donish) kabi tarixiy badiiy asarlar yaratildi. «To’tinoma», «Chor darvesh», «Yusuf va Zulayho», «Tohir va Zuhra», «Bo’z o’g’lon», «Yusuf va Ahmad», «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlar xalq orasida keng tarqaldi. Xalq san’ati turlari — qiziqchilik, fonus xayol, dorbozlik va boshqalar taraqqiy etdi, musiqa ommaviy san’atga aylandi, tasviriy san’at rivojlandi (Abdulxoliq Maxdum va boshqalar). Yirik inshootlar — Shayx Jalol darvozasi va xonaqohi (18-asr 2-yarmi), Domullo Tursunjon madrasasi (1796— 97), Xalifa Xudoydod ansambli (1777— 1855), Chorminor (1807), Amir madrasasi (20-asr boshlari), Sitorai Mohi Xosa (19— 20-asr boshlari) va boshqalar qurildi., Buxoro xonligi Rossiya vassaliga aylantirilgach, qulchilik tugatildi, kasalxona, dorixonalar, yangi usuldagi rustuzem maktablari ochildi, Kattaqo’rg’ondan Buxoroga telegraf o’tkazildi, Buxoro temir yo’l va Amudaryoga temir ko’prik qurildi. Me’morlikda millim va yevropacha uslublar uyg’unlashib ketdi: masalan, 1888 yil qurilgan yangi Buxoro (hozirgi Kogon) dagi savdo va bank muassasalarining binolari, amirning yangi saroyi, Buxorodagi temir yo’l vokzali va boshqalar. 4y..Hofiz Tanish Buxoriy, Abdullanoma, 1-2 j.lar, T., 1999, 2000; Mir Muxammad Amini Buxari, Ubaydullaname, T., 1957; Abduraxman Tali, Istoriya Abulfeyzxana, T., 1959; Mirza Abdalazim Sami, Tarixsalatini mangitiyai Buxara, M., 1962; O’zbekistonning yangi tarixi. 1kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida, T., 2000; O’zbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1qism, T., 2000. Hamid Ziyoyev.