BUXORO QATLAMLARI

BUXORO QATLAMLARI (Buxoro shahri nomidan) — o’rta Paleosen davrida hosil bo’lgan yotqiziqlar. O. S. Vyalov birinchi bo’lib 1934 yil gorizont, 1935 yil yarus sifatida paleogen davri quyi qismiga kiritgan. 1959 yil stratigraflar kengashi qaroriga ko’ra Buxoro qatlamlari deb ataldi. Asosan karbonatli (ohaktosh, dolomit mergel) tog’ jinslaridan, ba’zan gipsangidriddan iborat. Sharqiy O’zbekiston (Toshkent viloyati, Farg’ona vodiysi) va Janubiy O’zbekistonda keng tarqalgan sho’r suvli sayoz dengiz lagunasida yashagan mollyuskalarning endemik kompleksi asosida paleosenga kiritilgan. Xalqaro stratigrafik sxemada Buxoro qatlamlari paleosenning tanet yarusiga (quyi qismi) mansub. Buxoro qatlamlaridagi faunalarni S. H. Mirkamolova, G. N. Kreydenkov, G. H. Soliboyev va boshqalar o’rgangan. Buxoro qatlamlari Sharqiy Ustyurtning qizil taqir gorizonti (quyi qismi) hamda Kavkaz va Qrimdagi Kachin yarusi bilan taqqoslanadi. Biostratigrafik sxemada Buxoro gorizonti acarinina tadjikistanensis foraminifera va NP9 nannoplankton zonalarga taalluqli.