«BUXORONOMA»
«BUXORONOMA»—Buxoro viloyati hokimligining ijtimoiysiyosiy gazeta. Buxoro shahrida o’zbek tilida haftada 2 marta chiqadi. Dastlab «Uchqun» nomi bilan Samarqandda nashr etilib (1920 yil iyun—sentabr), Buxoroda yashirin tarqatilgan, BXSR tashkil etilgach (1920 yil sentabr), Buxoro shahrida «Buxoro axbori» nomi bilan nashr etila boshlangan. Keyinchalik «Ozod Buxoro» (1923-30), «Buxoro proletari» (1930-38), «Buxoro haqiqati» (1938— 99) nomlari bilan chiqdi. 1999 yil dekabrdan hozirgi nomda. Gazetaga turli davrlarda Fayzulla Xo’jayev, Fitrat, Cho’lpon, Sayd Axroriy, Ostonqul Abduqayum o’g’li, Kosim Sorokin, Fotih Sulaymon, Abdusalom Niyoziy, Abbos Aliev, Ahmadjon Yoqubov, Rustam Abdurahmonov, Ashur Bozorov, Turg’un Yokubov, Otaxon Toshxo’jayev, Yo’ldosh Muqimov, Abdurahim Nurmuhamedov, Toshpo’lat Hamid va boshqalar muharrirlik qilgan. Gazeta sahifalarida Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Sadriddin Ayniy, Ibrohim Mo’minov, Abdulhamid Majidov, Atoulla Xo’jayev, Usmonxo’ja Po’latxo’jayev, Muinjon Aminov, Ne’mat Aminov, Omon Muxtorov kabi taniqli davlat arboblari va ziyolilar dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan qatnashishgan. Gazetaning dastlabki sonlaridan boshlab millim mustaqillik g’oyasi undagi maqolalarning bosh mavzui bo’lgan. 20-yillarda gazetada BXSR hududidan sho’ro qo’shinlarini olib chiqib ketish, demokratiyani rivojlantirish, davlat idoralarini ruslashtirishga chek qo’yish, yoshlarni taraqqiy etgan xorijiy mamlakatlardagi oliy o’quv yurtlarida o’qitish kabi dolzarb masalalar yoritilgan. Shu bois gazeta tahririyati jamoasi va mualliflari sho’ro tuzumidan ko’p jafo ko’rishgan. Gazetaning sobiq muharrirlari va yetakchi mualliflaridan Fayzulla Xo’jayev, Abdurauf Fitrat, Sayd Ahroriy, Abdulhamid Cho’lpon, Mahmud Badayliy, Ziyo Usmoniy, Ostonaqul Abduqayum 30-yillardagi qatag’onda hibsga olinib, qatl etilgan. Abbos Aliyev, Abdusalom Niyozov, Abdulhamid Majidov, A’lo Kamolov, Ashur Bozorov uzoq muddatga qamalgan. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyingi davrda «Buxoronoma» shaklan va mazmunan tubdan o’zgarib, Buxoro viloyati hayotini har vaqtdagidan yaxshiroq yoritishga harakat qilmoqda. Gazeta istiqlol mafkurasini shakllantirish, yosh avlodni iymon-e’tiqodli, Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalash, bozor munosabatlarini rivojlantirish, qishloq xo’jaligida islohotlarni amalga oshirish. tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, Buxoro shahrini obodonlashtirish va undagi asori atiqalarni asrab avaylash mavzulariga doimiy e’tibor bermoqda. Gazeta mustaqillik davrining gigant korxonasi bo’lgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishida muxbirlar postini tashkil qilib, 2 yil mobaynida qurilishning borishini muntazam yoritib turdi. Buxoro shahrining 2500 yillik yubileyi (1997 yil) oldidan turkum maqolalar berdi. Tahririyatda iqtisodiyot, ijtimoiy masalalar, huquq hamda xatlar va ommaviy ishlar bo’limlari ishlab turibdi. Turli yillarda tahririyatda mehnat qilgan Baqo Saidov, Habib Abdullayev, Toshpo’lat Hamid, Baxshullo Saidov, Halil Qodirov, Ahmadjon Niyozmurodov Respublikada xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, Respublikada xizmat ko’rsatgan jurnalist unvonlariga sazovor bo’lishgan. 1996 yildan gaz. kompyuter usulida nashr etiladi. Tahririyat «Internet» orqali jahon axborot tarmog’iga chiqmoqda. «Buxoro yangiliklari», «Buxoro futboli» ilovalari bor. Gazeta adadi 6000 (2001). Nusratillo Naimov.