BUENOS-AYRES
BUENOS-AYRES — Argentina poytaxti, muhim iqtisodiy, siyosiy va madaniy ma’muriy markazi. Rasmiy chegarasi federal poytaxt okrugi hisoblanadi. LaPlata qo’ltig’ining o’ng sohilida. Aholisi 6 million, shahar atrofi bilan 11,8 million kishi (1999). Yanvarning o’rtacha temperaturasi 22°, iyulda 10°, yiliga o’rtacha 1000 millimetr yog’in tushadi. 1536 yilda ispan bosqinchilarining sardori Pedro Mendos asos solgan. 1541 yilda ispanlar indeyslarning zarbasiga bardosh berolmay, shaharga o’t qo’yib vayron qilishgan. 1580 yil Buenos-Ayres qayta qurila boshladi. 1776 yildan LaPlata vise qirolligi poytaxti. 1816— 26 yillarda Buenos-Ayres LaPlata Birlashgan provintsiyasining, 1880 yildan Argentinaning poytaxti. Buenos-Ayres yirik temir yo’l tuguni (undan 18 tomonga temir yo’l ketgan) va dengiz porti (yuk tushirish va ortish yiliga 20 million tonna), Janubiy Amerikadagi havo yo’llarining markazi; xalqaro Eseys aeroporti bor. Mamlakat importining 85%i, eksportining 43% i Buenos-Ayres orqali o’tadi. Mamlakat sanoat mahsulotining deyarli 50%i Buenos-Ayresda ishlab chiqariladi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: oziq ovqat va yengil sanoat. Mashinasozlik, neftni qayta ishlash, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, yog’och tilish, tsement zavodlari bor. Universitet (1821 yildan), ilmiy muassasalar (adabiyot, iqtisod, huquq va ijtimoiy fanlar akademiyalari), Argentina milliy kutubxonasi, 30 muzey, 40 dan ortiq teatr, konservatoriya (1893 yil), telemarkaz, metropoliten, botanika bog’i bor. Buenos-Ayresda axolisi ispan tilida so’zlashadigan Lotin Amerikasi davlatlari uchun kitoblar bosib chiqariladi. Shaharda ko’p qavatli, oyna va temirbetondan qurilgan mehmonxona, bank kabi ma’muriy binolar ko’p. Me’moriy yodgorliklaridan BuenosAyres shahrining Markaziy ko’chalaridan biri. San-Ignasio cherkovi (1710-34), ratusha (1725-54), sobor (1804), «Kolon» teatri (1909) va boshqalar bor.