BUQA BAQALAR

BUQA BAQALAR (Kaloula) dumsiz amfibiyalar turkumi urug’i, tor opoli baqalar oilasiga mansub. Bu urug’ning 11 turi bor. Buqa baqalar Jan.Sharqiy Osiyo va Malayya arxipelagida tarqalgan. Bu urug’ning eng yirigi — hind buqa baqasi (K. pulchra), bo’yi 8 santimetrcha, gavdasi yapaloq — eni bo’yidan ikki baravar ortiq. Barmoqlari orasidagi suzgich pardalari sust rivojlangan. Panjasida erni kovlaydigan o’tkir qirrali bo’rtmasi bor. Gavdasining usti to’q bo’z rang, boshi qovoq rang, qorni qizg’ishsariq. Erkagining ovozi juda baland. Yomg’ir yoqqanda kechasi bilan tinmay qurillashi uzoqdan eshitiladi. Tuxumini suvga qo’yadi. Undan 2 haftadan so’ng itbaliq chiqadi. Buqa baqalar chumolilar, mayda kapalaklar va hasharotlar bilan oziqlanadi.