BUQOQ, O’SIMLIKLAR RAKI
BUQOQ, O’SIMLIKLAR RAKI — o’simliklarda uchraydigan kasallik. O’simlik ayrim organlarining haddan ortiq va noto’g’ri o’sib ketishi natijasida o’simta, g’udda, o’sma, shishlar paydo bo’ladi. Bunda hujayralar normal bo’linmay, hajmi kengayadi, natijada, kengaygan hujayra to’qimasi tashqariga o’simta—shish bo’lib o’sib chiqadi. Bunday shishlar «buqoq» yoki «rak» deyiladi. Kartoshka Buqoq, mevali daraxtlarning ildiz raki, olmaning qora raki, pomidor bakterial raki keng tarqalgan va ko’p zarar yetkazadi. Kartoshka rakini Sunchytrium endobioticum zamburug’i qo’zg’atadi. Kartoshka tuganaklarida, ahyonda poya va barglarida qattiq do’mboq shishlar paydo bo’ladi. Bu kasallik ichki karantin ob’ekti hisoblanadi. Rakka chidamli navlar va kasallik yuqmagan urug’lik ekish, tuproqni nitrafen va boshqa preparatlar bilan yuqumsizlantirish chora-tadbirlari ko’riladi. Olma, nok daraxtlaridagi ildiz raki deb ataladigan kasallikni Bacterium tumefaciens bakteriyasi paydo qiladi, kasallik daraxtning ildizi va ildiz bo’g’zini shikastlaydi. Olmaning qora rakini Sphaeropsis melorum zamburug’i keltirib chiqaradi. Daraxtning tanasi, asosiy shoxlari, po’stlog’i, bargi, guli, mevalarini zararlaydi. Avval shishlar kichkina bo’lib, asta-sekin kattalashadi, och sariq yoki och pushti rangga, keyinchalik jigarrangga kirib, sirti g’adir budurlashadi. Katta shishlar o’simlikda bir necha oy va hatto 2-3 yil saqlanadi. Kasallikni vujudga keltiradigan organizmlar namgarchilik kam bo’lganda ko’payib, tuproq, shamol, yomg’ir hamda hasharotlar orqali tarqaladi. Kasallangan o’simlik yaxshi rivojlanmaydi, barglari sarg’ayib quriydi, ayniqsa ildizdagi shishlar suv va oziq-ovqat moddalar harakatini susaytiradi. Buqoqga qarshi kurashish uchun sog’lom ko’chat va qalamchalar tayyorlash, kasallangan novda, shox va zanglarni kuzda kesib, kesilgan joyiga mis kuporosining 1% li yoki temir kuporosining 5% li eritmasini surtish, ko’chat ildizlarini 1% li eritma bilan dezinfektsiyalash, kasal ko’p tarqalgan ko’chatzorni haydab, yerdan 3-4 yilgacha foydalanmaslik, daraxt tanasini ohak bilan oqlash, vegetatsiya davrida daraxtga turli fungisidlar (naptan, tsineb, xolisin va boshqalar) purkash zarur. Sulton Alimuhamedov.