O’RTA OSIYO
O’RTA OSIYO — Yevrosiyo materigining o’rta qismida, g’arbda Kaspiy dengizi qirg’oqlaridan Sharqda Xitoy chegarasigacha, shimolda G’arbiy Sibir tekisligidan, Janubda Nishopur, Safedko’h va Hindukush tog’larigacha cho’zilgan yirik tabiiy geografik o’lka. U materik ichkarisida, Atlantika okeanidan 4 ming kilometr, Shimoliy Muz okeanidan 2,5 ming kilometr, tinch okeandan 5,5 ming kilometr va Hind okeanidan 1 ming kilometrga yaqin masofada joylashgan, suvlari okeanlarga chiqib keta olmaydigan berk havzadan iborat. O’rta Osiyo hududi o’rta asrlarda, Turon Arab manbalarida Movarounnahr, 19 asrning 2-yarmi va 20-asr boshlarida (1924-25 yillarda o’tkazilgan milliy davlat chegaralanishigacha) Turkiston deb atalgan, keyinchalik O’rta Osiyo deb ataladigan bo’ldi. O’lkaning g’arbiy chegarasi Elburs tog’ining 54° 15′ shimoliy qutb ustki qismidan boshlanib, Kaspiy dengizining Sharqiy qirg’og’i orqali Mang’ishloq qo’ltig’igacha, undan Ustyurtning shimoliy g’arbiy chinki bo’ylab, Do’ng’iztov, Chog’ray platosi, cho’chqa va Mug’ojar tog’lari Sharqiy etagi orqali o’tib, 58° shimoliy qutb ustki va 48° shahrik.ga borgandan keyin shimolga buriladi va Jetig’ara shahri gacha, undan keyin Qo’stanay shahri orqali Ayritovgacha boradi. So’ngra Qozog’iston past tog’larining shim. chegarasi bo’ylab Sharq va Janubiy Sharq tomon davom etib, Qozog’iston — XXR chegarasiga tutashadi. Sharqiy chegara esa Savr, Sharqiy Jung’ariya, Jung’ariya, Boroxoro, Iren — Xabirga, qarat, Holiqtog’ tizmalari suvayirg’ichlari, Xontangri tog’tuguni, qaqshal, Otboshi tizmalari suvayirg’ichlari orqali o’tib, Farg’ona tizmasiga kelib tutashadi, so’ngra olay tizmasining Sharqiy chekkasi va Sariqo’l tizmasi suvayirg’ichi bo’ylab o’tib, Hindukush tog’lariga tutashadi. Bu yerda, Muztog’dan boshlab g’arbga tomon Janubiy chegara boshlanadi va Hindukush, Safedko’h, Nishopur tizmalari suvayirg’ichlari bo’ylab o’tib, Elburs tog’i orqali kaspiy dengizining Janubiy Sharqiy chekka sohiliga kelib tutashadi. O’rta Osiyo yirik geosistema sifatida (maydoni 3300 ming kilometr kvadrat chamasida) Qozog’istonning kattagina qismini, O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston, qisman Xitoy hududlari, hamda Afg’oniston va Eronning Amudaryo havzasiga qarashli qismini o’z ichiga oladi. O’rta Osiyoning qo’shni tabiiy o’lkalaridan farqlantirib turuvchi o’ziga xos bir qancha belgilari mavjud. Bular: 1) Yevrosiyo materigida tutgan o’rnining o’ziga xosligi, ya’ni materikning ichkarisida, okeanlardan uzoqdan joylashganligi; 2) o’lkaning berk havzadan iborat ekanligi, ya’ni bu yerda shakllangan asosiy oqimning tashqi dengiz, okeanlarga chiqib keta olmasligi va o’lkaning eroziya bazisi hisoblangan Kaspiy, Orol, Balxash, Issiqko’l kabi ichki havzalarga quyilishi; 3) yer yuzasining o’ziga xosligi, ya’ni o’lkaning shimol, shimoliy g’arbiy katta qismi tekisliklardan, Sharqiy va Janub qismi tog’liklardan iboratligi; 4) tabiiy sharoitida ichki tafovutlarning kattaligi, ya’ni tabiatining barcha komponentlari o’lkaning turli qismlarida keskin farq qilishi; 5) o’ziga xos gorizontal tabiiy zonalarning mavjudligi va ularga mos balandlik mintaqalarining rivojlanganligidir. Bu o’lkada o’simliksiz ko’chma qumlar, o’tish qiyin bo’lgan chakalakzor o’rmonlar, ekinzor va bog’lardan iborat vohalarni ko’rish mumkin; 6) ekologik sharoitiga ko’ra ham berk o’lka, bu tabiatdan foydalanishda ehtiyotkorlikni talab etadi. O’rganilish tarixi. O’rta Osiyoning tabiati, xo’jaligi, shaharlari, xalqlariga oid dastlabki geografik ma’lumotlar Gerodot (miloddan avvalgi 5-asr), Kvint Kursiy Ruf, Strabon (miloddan avvalgi 2-asr) kabi Yunoniston, shuningdek, Xitoy olimlarining asarlarida uchraydi. Bu ma’lumotlar birmuncha cheklangan, ba’zan chala va xatoliklari bo’lsa ham, keyingi, ya’ni o’rta asrlardagi geografik bilimlarga zamin bo’lib xizmat qildi. O’rta Osiyo haqidagi geografik bilimlar 9-12-asrlarda keng rivojlandi. Bunda Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Ahmad asSaraxsiy (9-asr), Jayhoniy, Abu Zayd Balxiy (10-asr), Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Mahmud Koshg’ariy (11-asr), Alxarakiy, Abulqosim Zamaxshariy, Sa’moniy va boshqalar mahalliy olimlarning xizmatlari katta bo’ldi. «Hudud ulolam» (10-asr) mashhur asari ham shu davrda yozildi. O’rta Osiyo tabiiy geografiyasiga oid ma’lumotlar 9-12-asrlarda yashagan sayyoh olimlar Ibn Xurdodbeh, Ibn AlFaqih, Ibn Rusta, almuqaddasiy, almas’udiy, Ibn Fadlon, Istaxriy, Ibn Havqal kabilarning asarlarida ham uchraydi. O’rta Osiyoga oid geografik bilimlar 13-17-asrlarda ham, o’lkadagi ijtimoiy-siyosiy holatlarga bog’liq holda, goh sust, goh jadal sur’atlar bilan rivojlanib bordi. Bunda mahalliy tabiatshunos olimlar, sayyohlarning asarlari, sayohatnomalari ahamiyatli bo’ldi. Muhammad Avfiy (13-asr), Faxriddin Banokatiy (14-asr), Hofizi Abru (14— 15-asr lar), Mirzo Ulug’bek, G’iyosiddin Naqqosh, Abdurazzoq Samarqandiy (15- asr), Zahiriddin Muhammad Bobur (16- asr), Muhammad Haydar Mirzo (16-asr), Mahmud ibn Vali (17-asr) asarlari shular jumlasidandir. Bu davrlarga oid manbalar ichida chet ellik sayyohlar Plano Karpini (13-asr), Marko Polo (13 — 14 asrlar), Ibn Battuta (14-asr), alumariy (14-asr), Klavixo (15-asr) larning sayohatnomalari ham bor. Ushbu asarlarning ayrimlari tarixiy-memuar yo’nalishida bo’lsa ham, geografik g’oya va umumlashmalarga boy, xaritagrafik ma’lumotlari esa ko’lamli va mazmunli bo’lgan. O’rta Osiyo tabiatini o’rganish tarixidagi muhim bosqichlardan biri 18-19-asrlarga to’g’ri keladi. Bu davrda rus sayyohlari, diplomatlari va tabiatshunos olimlari tomonidan O’rta Osiyoga bo’lgan qiziqish jadallashdi. Ko’plab ekspeditsiyalar uyushtirildi (masalan, Saymonov, G.I. Karelin, A.I. Butakov Ekspeditsiyalari). Filipp Efremov, Burnashev, Filipp Nazarov sayohatlari natijasida ham o’lka haqida birmuncha geografik ma’lumotlar to’plandi. 19-asrning 50-y.laridan boshlab esa O’rta Osiyo geografik jihatdan jadal sur’atda o’rganila boshladi. P.P. Semyonov Tyanshanskiy, N.A. Seversov, A.P. Fedchenko, N.A. Zarudniy, I.V.Mushketov, V.N.Oshanin, V.A.Obruchev kabi tabiatshunos olimlar tomonidan o’lka tabiati haqida ko’p ma’lumotlar yig’ildi, tabiiy geografiyaga oid muhim qonuniyatlar aniqlandi. 20-asrning 1-yarmida O’rta Osiyo tabiatini, tabiiy resurslarini tadqiq qilish sur’ati yanada ortdi, o’rganish ko’lami kengaydi. O’lkaning tabiati bir butun holida ham, alohida komponentlari bo’yicha ham chuqur o’rganila boshladi. Bu borada N.L.Korjenevskiy, D.V.Nalivkin, S.S.Shuls, R.I.Abolin, Yu.A. Skvorsov, E.P.Korovin, D.N.Kashkarov, V.M.Chetirkin, I.A.Raykova, Q.Z.Zokirov va boshqalar bir qancha ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo’lgan asarlar yaratdilar. 20-asrning 2-yarmida ham o’lka tabiatini kompleks o’rganish bo’yicha ishlarning borishi samarali bo’ldi. Ko’plab monografik asarlar yaratildi. Ularda O’rta Osiyo tabiatini chuqur tahlil qilish bilan bir vaqtda landshaftlarni xaritaga tushirish, tabiiy geografik rayonlashtirish, tabiiy geografik komplekslarni baholash taraqqiyotini bashoratlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tabiatni muhofaza qilish masalalariga ham katta e’tibor berilgan. Bunda geograf olimlar L.N.Babushkin, N.A.Kogay, N.D.Dolimov, M.Qoriev, H.H.Hasanov, Z.M.Akromov, A.A.Rafiqov va boshqalarning hissalari bor. Tabiati. O’rta Osiyo hududining 4/5 qismi tekisliklardan iborat, qolgan qismini tog’liklar tashkil qiladi. Tekisliklarning Qozog’iston past tog’laridan G’arb va Janubi G’arbdagi qismi Turon tekisligi deb ataladi. U tektonik jihatdan mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari bilan to’lgan katta botiqqa to’g’ri keladi. Uning ostki qismi tektonik harakatlar natijasida kuchli o’zgargan paleozoy jinslari qatlamlaridan tuzilgan qattiq fundamentdan iborat. Bu fundament yer yuzasidan turli chuqurliklarda yotadi, ayrim joylari past ko’rinishida yer yuzasiga chiqib qolgan. O’rta Osiyo tekisliklari Sharq va Janub tomonlarida Tarbag’atoy, Tyan- Shan, Hisor Olay, Pomir, Hindukush, Safedko’h, Nishopur tog’lari bilan o’ralgan. Ularning ko’pchiligi baland tog’lar bo’lib, 6 ming metrdan baland bo’lgan 136 ta cho’qqisi bor. Ayrim cho’qqilarning balandligi esa 7-7,5 ming metrga yetadi. O’rta Osiyo tog’larining xususiyati shundan iboratki, tizmalar va ularni ajratib turgan daryo vodiylari va botiqlar ko’pincha kengliklar bo’ylab cho’zilgan. Ular bilan birgalikda ko’ndalang tog’ tizmalaridan iborat orografik tugunlar (yoki markadlar) mavjud. Bunday tog’ tugunlari Tyanshan, Pomir va Hisor— Olay tog’larida 16 ta bo’lib, ular muzlik markazlaridir. O’rta Osiyoning umumiy ikqlim belgilari — oftobli kunlarning ko’p bo’lishi, kontinentallik va yog’inning kamligidir. Hududning katta qismini egallagan cho’l va chala cho’llarda bu belgilar, ayniqsa, sezilarli. Bu yerga yog’inlarni Atlantika okeanidan keladigan havo massalari olib keladi. Tropik kengliklardan tashqarida g’arbdan sharqqa yo’nalgan nam havo oqimlari O’rta Osiyo hududiga ma’lum darajada quruq va yozda qizigan holda kirib keladi. Shu sababli O’rta Osiyo iqlimi qurg’oqchil. Bu yerda yillik temperatura amplitudasi qo’shni o’lkalardagiga nisbatan kattaroq, ya’ni iqlimning kontinentalligi yuqoriroq darajada bo’ladi va shu ma’noda Sharqiy Sibirdan keyinda turadi. O’rtacha yillik havo temperaturasi O’rta Osiyo tekisliklarida 0° dan yuqori: chekka shimolda 1-2°, Janubda 18° gacha. Tog’lik qismida dengiz sathidan 2200-2500 metr balandlikda -5°, -8° gacha pasayishi mumkin. Mutlaq past temperatura tog’lar va baland tog’larda -16° dan (Janubda) 50°gacha (shimolda). O’rta Osiyoning tekislik qismida iyulning o’rtacha havo temperaturasi, shimolda 20-22°, Janubda 30-31° bo’ladi. Eng yuqori temperatura tekislik va tog’ etaklarida 42°, 50° atrofida, tog’larda esa, 3000 metrdan balandlikda 22-24°. Yillik yog’in miqdori ham bir tekis taqsimlanmagan. Qizilqum va Qoraqumda 100-150 millimetr, tog’larda 800— 900 millimetr va undan ortiq. Eng kam yog’in Sharqiy Pomirda kuzatiladi (26 millimetr). O’rta Osiyo o’lkasida iqlim xususiyatlari tafovutiga ko’ra ikkita kichik iqlim o’lkasi — subtropik iqlim xususiyatlariga ega bo’lgan Turon kichik o’lkasi va mo»tadil iqlim xususiyatlariga ega bo’lgan Qozog’iston kichik o’lkasidir. Bular orasidagi chegara Qorabo’g’ozgo’l qo’ltig’i shimoli, Ustyurtning Janub chinki, Qoraqum va Qizilqumning shimol chegarasi Qoratog’ tizmasi, Talas Olatovi va Farg’ona tizmasidan o’tadi. O’rta Osiyo okeanlardan uzoq bo’lgani va tog’lar bilan o’ralgani uchun berk o’lka hisoblanadi. Orol dengizi, Balxash ko’li, Issiqko’l va boshqalar mayda berk havzalar bor. Yirik daryolari Amudaryo va Sirdaryo. O’rta Osiyoda daryolarning zichligi 1 kilometr kvadratga 0,002 kilometr. Tog’lik qismida esa tekisliklarga qaraganda daryo ko’p (12 ming). Ular yomg’ir, qor, muzlik, yer osti suvlaridan to’yinadi. Suvi, asosan, sug’orishga sarf bo’ladi. O’rta Osiyoda turli-tuman tuproqlar tarqalgan. Ular tekisliklarda kengliklar bo’ylab zonalar hosil qilib, shimoldan Janubga tomon (to’q kashtan, och kashtan, qo’ng’ir va sur qo’ng’ir, qumli cho’l tuproqlari) almashinib boradi. Taqirlar va taqirsimon tuproqlar, sho’rxok va sho’rtoblar uchraydi. Tog’larda esa tuproqlar balandlik mintaqalarini hosil qilgan. Mo’tadil mintaqaning cho’l zonasiga tutash Jung’ariya olatovi va shim. Tyanshan tizmalarida quyidagi balandlik mintaqalar uchraydi: 1) cho’l-dashtdan iborat tog’ etaklarining shim. bo’z tuproqlari; 2) quruq va dasht hamda past tog’lardagi kashtan tuproqlar; 3) o’tloqidasht va o’rtacha balandliklardagi tog’ o’rmon to’q tusli tuproqlar; 4) qoraqarag’ayoqqarag’ay o’rmonlaridagi qora tuproqsimon tog’ o’tloqi va tog’o’tloqi tuproqlar; 5) Subalp va Alp o’tloqlardagi torfli tog’ o’tloqi va chala torfli tuproqlar; 6) muzliklar va qorliklar. G’arbiy Tyanshan, Hisor-Olay va Kopetdog’ tizmalarida balandlik mintaqalari boshqacharoq. Pastdan yuqoriga: 1) tog’oldi quruq dasht chala savannalari bo’z tuproqlari; 2) har xil o’tlar va butalar, dasht chala savannalari karbonatli jigarrang tuproqlar; 3) o’rtacha balandlikdagi tog’ quruq o’tli o’rmon va buta o’simliklari jigarrang tuproqlari; 4) subalp dashtlari tog’ o’tloqi dashtlar; 5) Alp dashtlari tog’o’tloqi dasht va chala torfli tog’o’tloqlari; 6) muzliklar va qorlar. Ichki Tyanshan va Pomirdagi balandlik mintaqalari: 1) shuvoqboshoqli o’tlardan iborat dasht och rangli o’tloqi chala cho’l tuproqlar; 2) chalovli dashtlardagi quruq dasht, cho’ldasht va cho’l tuproqlari; 3) balandtog’ quruq tundralari; 4) muzliklar va qorliklar. Pomir uchun balandtog’shuvoq va teresken o’simliklari mintaqasi xos. O’rta Osiyoda Markaziy Osiyoning Palearktika o’lkasi hayvonlari yashaydi. Sut emizuvchilardan qumsichqon va qo’shoyoqlarning har xil turlari, sariq yumronqoziq, ingichka barmoqli yumronqoziq, antilopa — jayran, qulon, olako’zan, qoraquloq, cho’l mushugi va sabancha, gepard va boshqalar uchraydi. Qushlardan xo’jasavdogar, go’ngqarg’a, chumchuqlar, moyqut, chil, tuvaloq kabilar; sudralib yuruvchilardan qurbaqabosh kaltakesak, cho’l Agamasi, echkemar, yo’lio’l kaltakesak, gekkon va boshqalar, ilonlardan o’qilon, cho’l bo’g’ma iloni, charx ilon, ko’lbor ilon, kapcha ilon, qalqonbosh ilon va boshqalar uchraydi. Toshbaqalar keng tarqalgan. Hasharotlardan har xil qo’ng’izlar, asalarilar, arilar, chumolilar, kapalaklar; o’rgimchaksimonlardan biy, qoraqurt, chayonlar uchraydi. To’qaylarda qirg’ovul, kobon, to’qay bug’usi, chiyabo’ri, erkalamush, ko’l baqasi, ko’k qurbaqa va boshqalar bor. Suv havzalarida kurakburun, mo’ylovbaliq, cho’rtan, sazan, tangabaliq, laqqa, leshch, ship, Osman, marinka va boshqalar baliq turlari uchraydi. Tog’lik hududlarda tog’takasi, tog’qo’yi (arxar), qizil sug’ur, uzun dumli Menzbir sug’uri, qizil pishchuxa, ilvirs, tog’G’ozi (ular), kaklik, archa boltatumshug’i, zarg’addoq va boshqalar uchraydi. Ad.Qoriyev M., O’rta Osiyo tabiiy geografiyasi, 1968; Baratov P., Mamatqulov M ., Rafiqov A., O’rta Osiyo tabiiy Geografiyasi, T., 2002; Korjenevskiy N.L., Priroda Sredney Azii, T., 1960; Hasanov I.A., G’ulomov P . N ., O’rta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002. Shuhrat Zokirov, Potihkamol G’ulomov.