CHANQASH

CHANQASH, tashnalik — organizmda suv tanqisligi oldidan yuzaga keladigan fiziologik holat. Organizmning suvsiz qolish muddatiga, ter, siydik bilan suv yo’qotishiga, yeyilgan ovqatdagi osh tuzi miqdoriga qarab, odam har xil darajada chanqaydi. Odam chanqaganda og’zi va tomog’i quriydi. Bu holat og’iz va tomoqni suv bilan chayganda, miriqib suv ichganda butunlay yo’qoladi. Chanqashning paydo bo’lishi organizmdagi suvtuz muvozanatini saqlashga qaratilgan. Chanqash natijasida organizmda jiddiy o’zgarishlar ro’y berishi mumkin. Bu jarayonning kelib chiqishi Markaziy nerv sistemasining turli qismlari (gipotalamus, retikulyar formasiya, katta yarim sharlar po’stlog’i) dagi bir qancha nerv hujayralarining reflektor faoliyatiga bog’liq. Chanqash organizmda suv miqdorining kamayishiga bo’lgan normal reaktsiyagina emas, balki ayrim kasalliklar (masalan, diabet, buyrak kasalliklari va hokazolar) belgisi bo’lishi ham mumkin. Bosh miya faoliyatining buzilishiga aloqador kasalliklarda kishi tashnalikni butunlay sezmaydi. Juda kuchli Chanqash yuqori temperatura (issiq iqlim va hokazolar) sharoitida ishlovchi kishilarda kuzatiladi. Bunda yuz beruvchi kuchli terlash organizmning faqat suvni emas, balki tuzlarni ham yo’qotishiga olib keladi. Natijada organizmning suvni ushlab qolish qobiliyati pasayadi, kishi kup terlaganidan tashnalik uni hodsan toydirib qo’yadi. Bunday o’zgarishlarni maxsus suv ichish rejimi yordamida sezilarli darajada kamaytirish mumkin.