CHANG’I SPORTI

CHANG’I SPORTI — qishki sport turi. Unga chang’i poygasi, tramplindan sakrash, ikki kurash (poyga va sakrash), tog’chang’i sporti va biatlon kiradi. Chang’i sporti Norvegiyada sport turi sifatida shakllandi. 1767 yilda shu mamlakatda harbiy xizmatchilar o’rtasida ilk musobaqa o’tkazildi, 1843 yildan esa ommaviy musobaqalar tashkil qilina boshladi. Keyinroq Chang’i sporti Yevropaning boshqa davlatlarida ham ommalashdi. 1910 yilda Xalqaro chang’i sporti komissiyasi tuzldi va Chang’i sportining qoidalari tasdiqlandi. Bu komissiya 1924 yilda xalqaro Chang’i sporti federatsiyasi (FlS)ra aylantirildi. Hozirgi kunda bu federatsiyaga 100 dan ziyod davlat (O’zbekiston 1993 yildan) a’zo (2004). Chang’i sporti 1924 yildan Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritildi, 1925 yildan (1937 yildan ikki yilda bir marta) jahon chempionati o’tkaziladi. O’zbekistonda 20-asrning 70-yillaridan boshlab Chang’i sportining, asosan, tog’ chang’i sporti turini rivojlantirishga kirishildi. Respublikada 300 dan ziyod kishi Chang’i sporti bilan shugullanadi. 2 ta Chang’i sportiga ixtisoslashgan sport maktabida 17 murabbiy 196 nafar bolalar-o’smirlarga Chang’i sportidan saboq berishadi (2004). Aka-singil Komil va Elmira O’rinboyevalar, Vladimir Yunusov kabi yetakchi chang’ichilar nufuzli musobaqalarning ishtirokchilaridir.