CHIKAGO UNIVERSITETI
CHIKAGO UNIVERSITETI — AQShning yirik oliy o’quv yurtlaridan biri. 1857 yil tashkil etilgan (1886— 89 yillarda ishlamagan, J.D. Rokfellerning moliyaviy yordami tufayli 1890 yil faoliyatini tiklagan, doimiy mashg’ulotlar 1892 yildan boshlangan). 19-asr oxirida xotin-qizlarga ta’lim olish huquqini bergan AQShdagi dastlabki universitetlardan biri. 20-asr 1-yarmidan yirik ilmiy markaz. 1942 yil bu yerda E. Farmi rahbarligida birinchi marta zanjirli yadro reaktsiyasi amalga oshirilgan. universitet biologiya, gumanitar fanlar, fizika, tijorat, kutubxonachilik, tibbiyot, pedagogika, huquq va boshqa sohalar bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Kutubxonasi (1892 yil tashkil etilgan) da 3,5 millionga yaqin asar saqlanadi. Universitetda 6 mingdan ziyod talaba ta’lim oladi.