CHILONJIYDA
CHILONJIYDA, unabi, Xitoy xurmosi (Ziziphus Mill.) — jumrutdoshlar oilasi, zizifus turkumiga mansub daraxt yoki buta; ekiladigan meva daraxti. Osiyo, Afrika, Shim. Amerika, Avstraliyaning tropik va subtropik mintaqalarida o’sadigan 50 dan ortiq turi ma’lum. Jumladan, O’rta Osiyoning tog’li hududlarida mayda mevali yovvoyi turi o’sadi. Xitoy Chilonjiydasi (unabi; Z.jujuba Mill.) madaniylashtirilgan. Yaponiya, Xitoy, Pokiston, Afg’oniston, O’zbekiston, Tojikiston, Turkmanistonda ekiladi. Daraxti balandligi 8— 12 metrga boradi, tanasining yo’g’onligi 40-60 santimetr (ba’zan 4 metrli buta holida o’sadi). 100 yildan ortiq yashaydi. Bargi tuxumsimon, yaltiroq, chetlari mayda arra tishli. May oxiri — iyul boshlarida gullaydi, gullashi 30-35 kun davom etadi. Guli xushbo’y, ikki jinsli, mayda, sarg’imtirko’kish. O’zidan va chetdan changlanadi. Mevasi 26— 32 gramm, uzunligi 3-3,5 santimetr, noksimon, tuxumsimon, qizg’ishjigarrang, yaltiroq, po’sti qattiq. Sentabr oxirida pishadi. Eti och yashil, oq, shirin. Tarkibida 19-20% qand, 0,3— 0,5% kislota, 2,8—2,9% oqsil, 1,73% kul moddasi, 500-523 mg% S va R, A vitaminlari; ildiz, barg va po’stlog’ida 4-9,5% oshlovchi modda bor; shifobaxsh. Chilonjiyda namsevar, qurg’oqchilik va sovuqqa chidamli, bahorgi qorasovuqdan zararlanmaydi. Ko’chati o’tqazilgach 2—4-yili hosilga kiradi. 18-20 yoshida bir tup daraxti 40-45 kilogramm meva beradi. Hosildorligi 150-200 tsentner/gektar. Qalamcha, payvandlash yo’li bilan hamda urug’idan ko’paytiriladi. Mevasi yangiligida yeyiladi, quritiladi, sukatlar, murabbo, kompotlar, konserva qilinadi. O’zbekistonning barcha viloyatlarida 1967 yildan Xitoy va 1934 yilda Kaliforniya (AQSh)dan keltirilgan tan Yantszao, U sinxun navlari ekiladi. Zararkunanda va kasalliklari. Chilonjiyda kasallik va zararkunandalarga chidamli. Mevasiga Chilonjiyda pashshasi katta zarar yetkazadi. Kurash choralari qo’llanilmaganda chilonjiyda pashshasi qurtlari mevaning 90-95% ini zararlaydi. Ad..Toshmatov L., Chilonjiyda, T., 1962; Pomologiya Uzbekistana, T., 1983; Ahmedov O’.A., Xolmatov H.H., Chilonjiyda dorivor o’simlik, T., 1993.