CHILPIQ
CHILPIQ — qadimgi inshoot qoldig’i (6— 7-asrlar). Nukus va Beruniy shaharlari (Qoraqalpog’iston) oralig’idagi Sulton Uvays tog’i qoyalari ustida joylashgan. Chilpiq aylana shaklida bo’lib, atrofi qalin paxsa devor bilan o’ralgan, bir tomoni kirish yo’li sifatida ochiq qoldirilgan. Chilpiqning 6-8 metrlik devori saqlangan, ichki radiusi 12 metr. Mahalliy aholi Chilpiqning barpo etilishini afsonaviy devlar bilan bog’laydi. Chilpiq hududidan islomgacha bo’lgan qadimgi dafn marosimlariga xos yodgorliklar topilgan. Olimlar fikriga ko’ra, Chilpiq otashparastlar jasadlarini keltirib qo’yadigan maxsus daxma vazifasini o’tagan.