CHIMBOY
CHIMBOY — Qoraqalpog’iston Respublikasi Chimboy tumanidagi shahar (1974 yildan), tuman markazi. Amudaryo deltasida, Kegeyli kanalining har ikkala sohilida, Nukus temir yo’l stantsiyasidan 56 kilometr. Aholisi 46,2 ming kishi (2004). Chimboy 17-asrda baliqchilar va chorvadorlar qal’asi sifatida vujudga kelgan. 1976-77 yillarda shahar hududida qoraqalpoq arxeologlari tomonidan o’tkazilgan qazishma ishlari natijasida bu yerdan 7-8-asrlarga oid ashyolar topilgan. Taryxiy manbalarda Chimboy dastlab Shoxtemir deb yuritilgan. 1643 yilda bu qal’a Xiva xonligining Orol dengizi Janub sohilidagi hududlarining markazi bo’lgan. 1740 yilda Xivaga kelishda poruchik Gladishev Shoxtemirdan o’tgan. 1741 yil geodezist Muravin tuzgan xaritada ham Shoxtemir ko’rsatilgan. 1890 yilda Chimboyda rus-tuzem maktabi va tibbiy punkt ochilgan. 20-asrning 1-choragida bu yerda 80 ta savdo do’koni bo’lgan. Chimboylik savdogarlar Orenburgdan matolar va boshqa mollarni olib kelishgan. 1907-08 yillarda beda urug’i va boshqa turli mahsulotlar Rossiya, AQSh, Germaniyaga eksport qilingan. Shu davrda Chimboyda paxta tozalash, yog’moy, ko’nteri zdlari qurilgan; 1913 yilda beda urug’ini tozalash zavodi ishga tushirilgan. 1916 yilda Chimboy aholisi rus podsho hukumatining mahalliy aholini mardikorlikka olishga qarshi qo’zg’olon ko’targan. 1919 yilda Chimboyda yangi maktablar ochilgan. 1920 yilda Amudaryo viloyati tuzilib, u ikki uezdga (Sho’raxon va Chimboy) bo’lingan. O’sha yili Chimboyda bolalar internati faoliyat ko’rsata boshlagan. Chimboyga 1927 yilda shaharcha maqomi berilgan. 1980 yil temir yo’l o’tkazildi. Chimboyda paxta tozalash, yog’-moy, keramika, asphalt-beton zavodlari, mahalliy sanoat korxonalari, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Qoraqalpog’iston qishloq xo’jalik ilmiy tadqiqot instituti, naslchilik stansiyasi, umumiy ta’lim maktablari, pedagogika kasb-hunar kolleji, kutubxonalar, klub muassasalari, madaniyat uylari, o’quvchilar madaniyat saroyi mavjud. Kasalxona, tug’ruqxona va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi.