CHIRCHIQ

CHIRCHIQ (qadimgi nomi parak, «Boburnoma»da chir, keyingi kichraytirilgan nomi Chirchiq) — Toshkent viloyatidagi daryo. Sirdaryoning yirik o’ng irmog’i. Daryo havzasi Janub va Sharqda Qurama tizmasi va Chatqol tog’ tizmalari, shimolda Talas Olatovi va uning g’arbiy tarmoqlari bilan chegaralangan. G’arbiy Tyanshan tog’laridagi qor va muzliklardan Chatqol, Ko’ksuv va Piskom daryolari boshlanadi. 1971 yilgacha Chirchiq Chorvoq soyligida Chatqol va Piskom daryolari qo’shilishidan hosil bo’lar edi. Endilikda daryo Chorvoq suv omboridan boshlanadi va Chinoz qishlog’i yonida Sirdaryoga quyiladi. Uzunligi 454 kilometr, havzasining maydoni 14240 kilometr kvadrat. Chirchiq tez oqadigan tipik tog’ daryosi, tog’li qismida chuqur, tor va Nishab o’zanda tez oqadi. Ugom daryosi qo’shilgandan so’ng Chirchiq vodiysi kengayadi. Chirchiqqa bir necha irmoqlar kelib quyiladi. Eng yiriklari Ugom daryosi va Oqsoqotasoy. Qolgan mayda irmoqlari (Qizilsuv, Sho’robsoy, Ozodboshsoy, Oqtoshsoy, Tovoqsoy, Qorangko’lsoy, G’olibasoy, Oltinbeksoy, va boshqalar) ning ba’zilari yoz va kuz oylarida qurib qoladi. Vodiyning tekislik qismida daryoga birorta ham irmoq qo’shilmaydi. Chirchiq qor va muzlik suvlaridan to’yinadi. Suv sarfi Xo’jakent qishlog’i yaqinida 221 metr kub/ sekund, Chinoz qishlog’i yonida 62 metr kub/sekund. Eng ko’p suv sarfi 2160 metr kub/sekund (1959 yil 8 aprel) va 1452 metr kub/sekundga (1914 yil 14 may) yetgan. Bunday katta suv sarfi Chirchiq daryosi uchun xos emas. Eng kam suv sarfi 22 mert kub/sekund bo’lgan (1956 yil fevral). Chirchiq Sirdaryoga yiliga 164 metr kub/sekund suv quyadi. Suv oqimining 52,4% mart—iyun oylarida, 32,1% iyul—sentabr va qolgan 15,5% oktabr — fevral oylarida oqadi. Yanvar—fevral oylarida suvi kamayib, 52 metr kub/sekunddan oshmaydi. Chirchiqda loyqa oqiziqlar kam. Tog’lardan chiqib tekislik bo’ylab oqqanda suvi ko’plab irrigatsion tarmoqlar orqali sug’orishga olinadi. Zaxariq, Bo’zsuv, Qorasuv, Shimoliy Toshkent kabi kanallar Chirchiq daryosidan suv oladi. Daryodan gidroenergetikada ham keng foydalaniladi. Qodiriya, Tovoqsoy, Oqqovoq, Oqtepa, Salor va uchta quyi Bo’zsuv, Chorvoq (quvvati 600 ming kVtsoat, G’azalkent) GESlar kaskadi shular jumlasidandir. Chirchiq suvi, asosan, Toshkent viloyati hududidagi ekin maydonlarini sug’orishga sarflanadi (Chirchiq — Bo’zsuv sistemasi O’zbekiston hududida 100 ming gektardan ziyod yerni sug’oradi), shuningdek, Toshkent, Chirchiq, Yangiyo’l, G’azalkent shaharlarini va ko’p qishloqlarni suv bilan ta’minlaydi. Chirchiq o’rta oqimida uning o’ng sohilidagi terrasalarda Toshkent shahri joylashgan.

CHIRCHIQ — Toshkent viloyatidagi shahar. Chirchiq daryosining o’ng sohilida, Qorjontovning yon bag’rida, 730 metr balandlikda, Toshkentdan 30 kilometr shimoli Sharqda joylashgan. Toshkent Chorvoq temir yo’ldagi stantsiya va avtomobil yo’llari chorrahasi. Aholisi 140,1 ming kishi (2004). Chirchiq 1932 yilda daryo bo’yidagi Qirg’izquloq, Qipchoq, Niyozbek qishloqlari o’rnida yirik elektrkimyo kombinati qurilishi munosabati bilan vujudga kelgan. Yangi sanoat korxonalari qurilishi bilan aholi soni ham tez o’sdi (1939 yil — 15 ming kishi, 1959 yil — 65 ming kishi, 1970 yil — 107,4 ming kishi). 30 — 40-yillarda industrial texnikumi binosi, 50-yillarda elektrkimyo korxonasining Madaniyat saroyi va boshqa jamoat binolari qurildi. 1966-67 yillardan ko’p qavatli yirik panelli binolar qad ko’tardi. 2-jahon urushida halok bo’lgan chirchiqliklar xotirasiga o’rnatilgan yodgorlik, madaniyat va istirohat bog’lari, xiyobonlar, maktablar, poliklinika, kasalxona va boshqalar bunyod etildi. Shahar yonida aholining dam olish joylari mavjud. Shaharda «Chirchiqqishloqmash», «Transformator», «O’zbekkimyomash», «Elektrkimyosanoat» (mineral o’g’itlar), qattiq qotishmalar va o’tga chidamli metallar kombinati kabi korxonalar ishlab turibdi. 26 ta qo’shma korxona (shu jumladan, «Kibo», «Chirkom», «Uzmetalltexnolodji», «Bursel—Tashkent—tekstil»), 850 dan ziyod kichik korxona faoliyat ko’rsatadi. Qurilish materiallari, temirbeton konstruktsiyalari ishlab chiqariladi. G’isht, asfaltbeton zdlari, go’sht, non ktlari, poyabzal va tikuvchilik fabrikalari mavjud. Chirchiq oliy tank komandir-muhandislik bilim yurti, 25 umumiy ta’lim maktabi, 7 o’rta maxsus bilim yurti, 12 kutubxona, 3 madaniyat muassasasi, muzey, madaniyat va istirohat bog’i bor. Kasalxona (500 o’rin), poliklinika, dorixonalar va b. tibbiy muassasalar ishlab turibdi. Chirchiqdan Toshkent shahriga avtobuslar qatnaydi. «Chirchiq tongi» gazetasi (1932 yildan nashr etiladi, adadi 760), «Chirchiq» (1932 yildan nashr etiladi, adadi 800) gazetalari chiqariladi.