CHIRCHIQ «ELEKTRKIMYOSANOAT» AKTSIYADORLIK JAMIYATI

CHIRCHIQ «ELEKTRKIMYOSANOAT» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — O’zbekistondagi yirik kimyo sanoati korxonasi. Ammiak selitrasi, karbamid, ammiak, suyuq ammiak, ammoniy sulfat va boshqa o’g’itlar; kaprolaktam, nitrat kislota, ammiak va metall sintezi katalizatorlari, quruq muz va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chikaradi. «O’zkimyosanoat» davlat aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi. Korxona O’zbekistonda qishloq xo’jaligini, shu jumladan, paxtachilikni rivojlantirish bosh rejasiga muvofiq, Chirchiq daryosi bo’yida 1934 yildan «Chirchiqazot» nomi bilan kurila boshlagan. 1941 yil noyabrida dastlabki mahsulot — ammiak selitrasi ishlab chikarilgan. 1944 yilda ko’mirni gazga aylantirish negizida ammiak ishlab chiqaruvchi 2-navbati, 1949 yilda katalizator fabrikasi, 1964 yilda karbamid tsexi ishga tushirildi. 1961 yildan tabiiy gazdan ammiak ishlab chiqarish o’zlashtirildi. 1975 yildan Chirchiq «Elektrkimyosanoat» ishlab chiqarish birlashmasi deb nomlandi. 1994 yildan ustav kapitali 29 milliard 996 million so’m (66,5 million AQSh dollari) bo’lgan ochiq aktsiyadorlik jamiyati (davlat ulushi 51%, xorijiy investorlar ulushi 49%) va hozirgi nomda. 2000 yilda bir sutkada ishlab chiqarish unumdorligi 1000 tonnagacha yetadigan yangi ammiak agregatini qurish boshlangan va 2003 yildan to’liq quvvat bilan ishlamoqda. Mahsulotlari ichki bozorda sotiladi va chet ellarga eksport qilinadi (Xitoy, Turkiya, Eron).