CHORVOQ SUV OMBORI
CHORVOQ SUV OMBORI — Chirchiq daryosining boshlanish qismida qurilgan (1963-70) gidrotexnika inshooti. Qishloq xo’jaligini bir me’yorda suv bilan ta’minlash, toshqinlarning oldini olish va gidrotexnika maqsadlarida barpo etilgan. Daryo suvini mavsumiy tartibga soladi. Suv ombori Chatqol va Ugom toglari orasiga qurilgan. Tosh tuproqli to’g’oni uzunligi 768 metr, balandligi 168 metr, yuqori qismining eni 12 metr. To’g’onda Chorvoq GESni suv bilan ta’minlash uchun uzunligi 800 metr va diametri 11 metr bo’lgan 2 ta tunnel bor. Chorvoq suv omborining to’la sig’imi 2006 million metr kub, shundan foydali suv hajmi 1580 million metr kub, suv yuzasi sathi 40,1 kilometr kvadrat, eni ayrim joylarda 10 kilometr, uzunligi 19 kilometr, maksimal chuqurligi 131 metr, o’rtacha chuqurligi 55 metr. Suv omboriga Piskom, Ko’ksuv, Chatqol daryolari quyiladi. Suv oqimi ko’payib, xatarli darajaga yetganda suvni chiqarib yuboradigan shaxtali (1200 metr kub/sekund) va 2 ta pog’onali (450 metr kub/sekund va 500 metr/sekund) suv tashlagichlar bilan jihozlangan. Chorvoq suv ombori Chirchiq—Bo’zsuv suvenergetika traktinn bir me’yorda suv bilan ta’minlaydi. Uning barpo etilishi bilan suv kam bo’lgan yillari Toshkent vohasidagi va Qozog’iston Respublikasi Janubiy Qozog’iston viloyatidagi 355 ming gektardan ortiq yerni barqaror suv bilan ta’minlash (shundan yangi o’zlashtirilgan yerlar 150 ming gektar), Chirchiq daryosining yuqori oqimida ro’y beradigan suv toshqinlariga barham berish imkoniyatlari yaratildi. 2000-yil boshlaridan Chorvoq suv ombori sohillarida xalqaro andozalarga mos bo’lgan yirik dam olish majmualari barpo etildi.